Keling, ko'ring, dam oling!
Avval xabar berib o'tganimizdek, Javlon Shodmonovning navbatdagi rejissorlik ishi bo'lmish, «Kichkina xo'jayin»ning prem'erasi bugun ya'ni 27 avgust kuni soat 16-00da, «Kinochilar uyi»ning katta zalida bo'lib o'tdi. Odatdagidek, zal tomoshabinlar bilan to'lib toshdi. Taqdimot chog'ida, Alisher Uzoqov hamda Ziyoda tomonlaridan film sauntregi ijro etildi. So'ng, film ijodkorlari va qahramonlari boshlovchi Davron Qobulov tomonidan yaqindan tanishtirib o'tildi.
Tanishtiruv marosimi yakunlangach, tashrif buyuruvchilarning soni ko'payib ketganligi sababli «Kinochilar uyi»ning bir emas, uchta zalida film namoyishi bo'lib o'tdi. Har doimgidek, rejissorning ushbu kino kartinasi ham muxlislar tomonidan iliq kutib olindi, desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Birgina, Alisher Uzoqov hamda Murod Rajabovlarning o'zlariga yuklatilgan rollarini mohirona tarzda ijro etganlari bunga yaqqol misol bo'la oladi. Hullas, film haqida juda ko'p va ho'p gapirish mumkin. Shu sababli, ming marta eshitgandan, bir marta ko'rgan afzal! Bugundan e'tiboran, komediya va melodramma janrida su'ratga olingan «Kichkina Xo'jayin»ni, siz endi har kuni soat 11:00, 13:00, 15:00, 17:00 hamda 19:00larda poytaxtimizning «Kinochilar uyi», «G'uncha» va «Toj mahal» kinoteatrlariga kelib tomosha qilishingiz mumkin.