Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
«Yil qo’shig’i 2014» ilk kunidan fotoreportaj!!!
30 Yan, 2015

«Yil qo’shig’i 2014» ilk kunidan fotoreportaj!!!

Yil qo'shig'i 20142014-yil ikkinchi yarmidan o’z faoliyatini boshlagan «Yoshlar ma’daniyat va san’at markazi» o’zining navbatdagi loyihasini taqdim etdi. «Yil qo’shig’i» deb nomlangan yangi taqdirlash marosimi endilikda har yili an’anaviy tarzda bo’lib o’tishi ko’zda tutilgan. Bugun biz ilk taqdirlash marosimidan fotoreportajni sizlarga taqdim etmoqdamiz.

O’zbek estradasida faoliyat yuritadigan ijodkorlarni rag’batlantirish uchun tashkillashtirilgan mazkur taqdirlash marosimi 2 kun davom etadi va uning har ikki kuni ham turlicha bo’lib o’tishi loyihaning boshqa bu kabi loyihalardan farqini ko’rsatib turadi. 2 qismdan iborat yakkaxon konsert dasturi va gala konsert hammani qiziqtirsa ajab emas. «Yil qo’shig’i» taqdirlash marosimida o’tgan yilning 20ta eng sara taronalari maxsus mukofot va diplomlar bilan taqdirlanadi. Mana kecha 29-yanvar kuni «Istiqlol» saroyida «Yil qo’shig’i 2014″ taqdirlash marosimining ilk kuni bo’lib o’tdi. Mazkur taqdirlash marosimi ijodkorlar uchun haqiqiy bayram bo’ldi, desak mubolag’a bo’lmasa kerak. Dasturni olib borish vazifasi 1 emas, 2 emas, 4 emas, naqd 6 boshlovchi zimmasiga yuklatildi. Akmal Mirzo, Mashhurbek, Shahzoda Muhammedova, Ziyovuddin Ahmadjonov, Jamshid Umrzoqov hamda Bahodir Magdiev mazkur tadbirni qiziqarli tarzda olib bordilar. Bu boshlovchilar ichida ayniqsa Mashhurbek hamda Shahzoda Muhammedovaning chiqishlari o’zgacha bo’ldi. Buni tashrif buyurgan tomoshabinlar olqishidan ham anglash qiyin emas edi. Dastur avvali biroz «E’tirof 2014″ taqdirlash marosimini yodga solib yubordi. Zero, konsertning musiqiy ochilishida aynan «E’tirof»da qo’llanilgan musiqa foydalanilgandek tuyuldi. «E’tirof 2014″ taqdirlash marosimi davomiyligi biroz cho’zilib ketganligi shundoq sezilib qolgan edi. «Yil qo’shig’i 2014″da esa konsert dasturi davomiyligi maromida bo’ldi. Mana shu sababdan ham taqdirlash marosimi 2ga bo’lingan holda, 2 kun taqdim etiladigan bo’ldi. Yil qo’shig’i bo’lishga loyiq bo’lgan taronalar ko’p bo’lganligi bois ham, mazkur taqdirlash marosimi tashkillashtirilgan bo’lib, yil davomida xonandalar tomonidan ijro etilgan eng sara taronalar ko’rib chiqilgan holda, 20ta eng yaxshi tarona uchun mazkur mukofot taqdim etilmoqda. Konsertning 1-kunida shularning 10tasi taqdirlandi va ular quyidagi taronalardir:

Afruz — Shalola
Dj Piligrim va Lola — Yulduz
Sardor Mamadaliev — Ajralishdik
Abdurashid Yo’ldoshev — Yonar ko’zlaring
Gulasal Abdullaeva — Taq-tuq
Ulug’bek Rahmatullaev — Kabutarlar
Umidaxon — Kel yarashaylik
Sardor Rahimxon — Malikam endi qara
Munisa Rizaeva — Yorim
Mansurxon Nurmatov — Jamoling ziyosi

Konsertda birinchi bor kuzatilgan ba’zi holatlarga ham e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Ulug’bek Rahmatullaev o’z tavallud kunida ilk bor katta sahnaga chiqdi. Buni Ulug’bek konsert dasturida ham ta’kidlab o’tdi. Shuncha yildan buyon konsert dasturiga tushgan bo’lsam, biror marotaba ham konsertda xonandasiz qo’shiqni o’zi jarang sochganini va unga raqqosalar raqs tushganligini ko’rmagan edim. Mansurxon Nurmatov ijrosidagi «Jamoling ziyosi» nomli tarona jarang sochar ekan, barcha tashrif buyurgan muxlislar ham, fotomuxbirlar ham xonandani sahnadan izlashdi. Ammo, Mansurxon Nurmatov ba’zi sabablarga ko’ra konsert dasturiga tashrif buyura olmadi.
Mazkur marosim umumiy ma’noda aytganda kerakli loyiha bo’lib, bu o’zbek san’atini rivojlanishiga yanada kuch beradi, deb bemalol aytishimiz mumkin. Bu kabi taqdirlash marosimlari xonandalarda ishtiyoq uyg’otadi. Yaxshiroq qo’shiqlar kuylashga undaydi. O’z ustida ishlashiga sababchi bo’ladi. Shunday ekan, biz «Yil qo’shig’i» taqdirlash marosimini tashkillashtirganligi uchun «Yoshlar madaniyat va san’at markazi» rahbariyatiga va jamoasiga san’at ahli va muxlislar nomidan minnatdorchilik bildirib qolamiz. Mana shu kabi qiziqarli rag’batlantiruvchi loyihalar tashkil etishda, sira charchamang!!!

Quyida siz azizlar uchun konsert dasturi davomida hamkorimiz «Star Media» foto va video studiyasi fotosuratchisi G’ayrat Ubaydullaev tomonidan tushirilgan eksklyuziv fotosuratlar taqdim etilmoqda.


Muallif: | Bo'lim: O'zbek estradasi, Tanlanganlar | 2 514 ta o'qildi | 1ta izoh

COOL.SB.uz -

1ta izoh

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *