«Nima qildik Vatan uchun?» konsert dasturidan reportaj!
Kuni kecha, ya’ni 2015-yilning 14-fevral sanasida soat 17:ooda Yoshlar ijod saroyida Yoshlar madniyat va san’at markazi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi ko’magida hamda «O’zbeknavo» estrada birlashmasi hamkorligida «Nima qildik Vatan uchun?» festivali doirasida gala konserti o’tkazildi.
Mazkur tadbir mamlakatimiz yoshlarini Vatanga muhabbat, mustaqillik g’oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat va fidoiylik ruhida tarbiyalash, yoshlarda yuksak badiiy didni shakllantirish, shuningdek, madaniyat va san’at sohalarini tizimli ravishda qo’llab-quvvatlash, ijodkorlarning faoliyatini keng targ’ib etish maqsadida o’tkazilmoqda.
SB.uz portali ijodiy jamoasi mazkur tadbirni yoritish maqsadida Yoshlar ijod saroyiga tashrif buyurdi. Konsert dasturiga o’zbek estradasining eng nomdor vakillari jalb qilingan. Jumladan, bir necha soatdan keyin yakkaxon konsert dasturi bilan «Istiqlol» san’at saroyida chiqish qilishi lozim bo’lgan Gulsanam Mamazoitova, Tohir Sodiqov, Shahzoda, Sevara Nazarxon, Zulayho Boyxonova, Ulug’bek Rahmatullaev, Shohruhxon, «Diyor» guruhi, Farhod va Shirin, G’ulomjon Yoqubov, xullas juda ko’p yulduzlar mazkur tadbirda jamuljam bo’lishdi. Konsertda boshlovchilik vazifasi esa Samandar Hamroqulov, Sardor Rahimxon, Dilnoza Ismiyaminova hamda Madina Mumtozga topshirildi. Konsertga tashrif buyurgan yulduzlarning umumiy ro’yhatini quyidagi fotosuratlar orqali ham bilib olishingiz mumkin.
Quyida siz azizlar uchun konsert davomida hamkorimiz «Star Media» foto va video studiyasi fotosuratchisi G’ayrat Ubaydullaev tomonidan tushirilgan eksklyuziv fotosuratlar taqdim etilmoqda.