Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
30 Mart, 2006

Sogdiana: «Faqat muhabbat haqida!»

SogdianaSevgi-muhabbat – bu buyuk tuyg’u! Ishq deb atalmish hissiyotni so’z bilan ifodalash juda ham murakkab. Qo’shiq tariqasida tabiiy ifodalash esa bundanda mushkul. Sevgi bizni qalbimizga so’rovsiz kirib oladi va bir umr biz bilan hamnafas, yo’ldosh bo’ladi. Hayotimizni boylik, go’zallik, mansab tark etishi mumkin, ammo muhabbat bir umr biz bilan birga qoladi. Sevgan insonning qo’lidan yomonlik kelmaydi, deyishadi. Shubhasiz, sevgan inson birovga yomonlik qila olmaydi. Zero, uning qalbida mehr-muhabbat bor. Mana shu ulug’ tuyg’uni ajoyib tarona sifatida bizning e’tiborimizga taqdim etuvchi san’atkorlar ham sevishadi, sevilishadi, sevgi degan tuyg’uni ich-ichidan his etishadi. Yo’qsa, bunday ajoyib qo’shiqlar ko’ngilga xush yoqib, ishq to’la qalblarga malham vazifasini o’tamasdi. Bugun ana shunday romantik taronalari bilan qalblarni to’lqinlantirib kelayotgan Sogdiana faqat muhabbat haqida so’zlaydi. Aniqrog’i, sevgi-muhabbatga oid 30ta iboraga, 30ta ta’rif beradi.1) Muhabbat – ilohiy tuyg’u. U kechirimli, bariga chidaydi. Haqiqiy sevgi sizni hech qachon tark etmaydi. Sevgi hech qachon foyda ko’zlamaydi. Orzular va his-tuyg’ularni yagona inson bilan bog’lab turuvchi rishta – bu muhabbat. Ba’zida sevgining ko’zi ko’r bo’ladi. Hech qanday kamchiliklarni ko’rmaydi. Ba’zida esa sevgi qahrli bo’ladi… Yana ko’p hollarda azob beradi, ozor chekishga majbur qiladi, qalbda jarohat qoldiradi va bu jarohat anchagacha bitmaydi…
Sevgi hayolingizga keltirmagan ishlarni amalga oshirishga undaydi, ahmoqona yo’l tutishga majbur qilib qo’yadi.
Sevgi haqida juda ko’p yozish, gapirish mumkin. Zero, muhabbatning chegarasi yo’q. Har bir insonning sevgi tarixi o’ziga yarasha qissa.
2) Baxt – qalbdagi tinchlik va osoyishtalik.
3) Orzu – erishishni istayotgan narsangiz. Eng yaxshi orzu – bu amalga oshadigani.
4) Yurak – inson tanasining bir a’zosi. Shuningdek, qalb yashaydigan joy.
5) Qalb – men uni o’lmas tanaga qiyoslayman. U juda ham ta’sirchan va tezda jarohatlanadi. Bizning qalbimiz – bu menimcha bizni o’zimiz. Inson ichidagi ulkan samo!
6) Qizil gul – ayniqsa bu atirgul bo’lsa, sevgi izhorini anglatadi.
7) Bo’sa – bu ajoyib!
8) Do’stlik – ishonch. Hayotning har bir lahzasida bu insonga suyansang va ishonsang bo’ladi.
9) Yolg’on – har doim hafagarchilik va ko’z yoshlari. Senga bo’lgan ishonchsizlik.
10) Rashk – muhabbatni mayda-mayda bo’laklarga ajratib yuboruvchi his. Ishonchsizlik va qaysidir jihatdan seni kamsitishlari.
11) Uchrashuv – to’lin oy ostidagi romantik uchrashuv.
12) Ayiriliq – qalb azobi. Hayotdagi eng og’ir kunlar. Ko’ngil qolishi.
13) G’am – hayollarga berilib, o’tgan og’ir damlarni yodga olish.
14) Sog’inch – bu hissiyotni faqat bir insonga nisbatan his etish mumkin.
15) Dard – bu inson ichidagi his. Asrab kelayotgan tuyg’ularingga tegib ketadi.
16) Hayol – bu insonni o’ziga bog’lab qo’yadigan bir kechinma. Hayol og’ushida nimalarnidir o’ylashga majbur bo’lasiz.
17) Vijdon – bu hisni hudo sen bilan gaplashganda sezasan. Ya’ni, tana ichidan chiquvchi ovoz.
18) Ishonch – bu biror insonga qalbing tubidagi eng nozik sirlaringni bemalol aytishingdir. Ishonchni qadrlash lozim, chunki uni yoqotish oson.
19) Umid – hatto eng umidsiz hollarda ham umid oxirgi bo’lib seni tark etadi.
20) Uzuk – chegarasiz muhabbat ramzi.
21) To’y – yakuniy qaror, ikki sevishgan qalbning birlashuvi. Bu oila qurish demakdir!
22) Yaxshilik – bu biror insonga yoqimli va foydali ish qilish. Faqat buni orqasidan foyda ko’zlanmasligi lozim.
23) Vafo – bu vafo, chin yurakdan ishonish.
24) Xiyonat – bu gunoh.
25) Aql – bu insonning idroki. Bu ibora o’z ichiga juda ko’p ma’nolarni qamrab oladi. Jumladan, intellekt, o’qimishlilik va hakazo.
26) Ilk muhabbat – menimcha bu inson hayotidagi eng yorqin hissiyot. U seni bir umr ta’qib qilib yuradi. Agar bilsangiz ko’p odamlar o’zining ilk muhabbatini doim eslaydi. Ilk muhabbat –qaysar, o’jar va biroz ahmoqona bo’ladi. U har qanday majburiyatlarga qarshi boradi.
27) Sevimli inson – bu sen uchun eng qadrli va eng ezgu hissiyotlarni his qiladigan insoningdir. Qalb har doim u tomon talpinadi.
28) Muhabbat haqidagi eng yaxshi qo’shiq – Uitniy Xyustonning “I will always love you” qo’shig’i. Bu dunyo miqyosidagi eng romantik va o’lmas qo’shiq deb hisoblayman.
29) Muhabbat haqidagi eng yaxshi film – “Keyt va Leo”! Chunki, bu romantik kinoasarda sevgi-muhabbatni juda ham tabiiy ifodalab berishgan. Men har bir sevishgan juftliklarga bu filmni tomosha qilishni tavsiya etaman.

30) Muhabbat haqidagi eng romantik ibora – menimcha yigitlar biz — qizlar uchun original romantik iboralarni o’ylab topishlari lozim. Romantik so’zlar bilan chegaralanib qolmay, bergan va’dalarini amalga oshirishlari lozim. Ko’p gapdan ko’ra natija yaxshiroq.


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 246 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *