Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
8 Iyun, 2011

Sharof Muqimov: «Megayulduzman deb ayta olmayman!»

Sharof MuqimovMuxlislarning «Sharof Muqimov ijodida nega yangilik yo'q?», «To'ydan keyingi tanaffusi cho'zilib ketdi», «Kinolarda ko'rinmay qoldi» degan mazmundagi maktub va qo'ng'iroqlaridaga javob topish maqsadida xonanda va aktyor sifatida o'z muxlisiga ega san'atkor bilan dildan suhbatlashdik. Quyidagi intervyudan Sharof Muqimov hayoti va ijodidagi eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'lasiz.

- Uylanganingizdan keyin ijoddan ancha chekinib qoldingiz. Ro'zg'orning g'ori yutib yubormadimi, ishqilib…
- Ro'zg'orning g'ori yutib yuborganicha yo'g'u, oila xurjuni yelkaga tushgach, ijoddan chekinib qolganim to'g'ri (kulib). Hazil savolingiz tagida jiddiy so'roq yotganini bilaman. Sezilarli tanaffus qilishimga turmushning o'ziga yarasha ma'suliyatidan tashqari boshqa muammolar ham sabab bo'ldi. Yoshlikdan orttirgan xastaligim – oyoq og'rig'i bezovta qilib, ancha davolanishimga to'g'ri keldi. Xabaringiz bo'lsa kerak, yaqinda yangi qo'shig'imga xorijda klip ishlab qaytdik. U yerga borishdan asosiy maqsad aslida klip olish emas, yaxshi mutaxassis, shifokor ko'rigidan o'tish edi. Prodyuser bilan ishlamasligim shunaqa paytlarda bilinadi. Ijoddan chalg'iganimda ishlarimni rejalashtirib, yuritib turadigan inson yo'q. Hammasiga o'zim ulgurolmayman.
- Prodyuserga ehtiyoj sezsangiz, imkoniyat yo'q emas, o'zingiz xohlamasangiz kerak-da?
- Xohlashga-ku xohlayman, ishonch degan narsalar bor. Ijodimni endi boshlagan yillarim bu jihatdan qattiq pand yeganman. Bir nokas o'zini iymon-e'tiqodli ko'rsatib, uyimga kelib besh mahal namozini o'qib, ishonchimga kirgan edi. Yaxshi, vijdonli odam deb unga suyanganman. U esa tizgin qo'liga o'tganini sezgach asl basharisini namoyon etdi. O'sha paytlarda katta pul bo'lgan summani o'zlashtirib, meni xonavayron qilib ketgan. Shundan beri birovga bu masalada ishonishga cho'chib qolganman.
- Shaxsiy hayotingizda muxlislarga yetkazadigan biron yangiligingiz bormi?  
- Nimaga shama qilayotganingizni tushundim (jilmayib). Xudo xohlasa, yaqinda, oilamizga «yangi mehmon» qo'shiladi. Shunga hozirdan tayyorlanayapmiz (quvonib). Hozir hamma sohada zamonaviy texnika rivojlanib ketibdi, kichkintoyimizni onasi bilan UZD orqali ko'rdik. Menga qarab bir narsalar deganday bo'ldi(kuladi)…
- Ajoyib-ku, uning o'g'ilmi-qizligi ham ma'lum bo'lgandir?
- Ha, buni aytishdi, lekin muxlislarga oshkor qilishimga hali erta.
- Farzandingizga kim qanaqa ism tanlashi haqida kelishib olgandirsizlar?
- Albatta, o'sha kunning o'zidayoq Sevinchga bolamizga o'zim ism qo'yaman, deb shart qo'ydim. Katta bo'lganda «Ismingni kim qo'ygan?» deb so'rashganda, «Dadam qo'yganlar» deb faxrlanib javob berishini xohlayman. Ismlar haqidagi kitobni sotib oldim, har varaqlaganimda o'n-o'n beshta ismni saralab yozib borayapman. Shularning orasidan birortasini tanlarmiz.
- Sizga ko'proq qanaqa ismlar yoqadi?
- Ma'noli, noyob ismlar bo'lgani yaxshi, ammo menga ko'proq jarangdor ismlar yoqadi.
- Homiladorlik vaqtida ayol kishi asabiy, jizzaki bo'lib qolishi tabiiy. Bo'lajak ota sifatida bunday paytda rafiqangizni tushunishga, unga yon bosib, injiqliklarini sabr bilan yengishga toqatingiz yetayaptimi?
- Bu borada mendan yaxshi er topilmasa kerak (kulib). Chunki tabiatan ha deganda jahli chiqib, tutaqib ketadiganlar xiliga kirmayman. Aytsam ishonmasligingiz mumkin, o'ttizga kirib shu paytgacha birov bilan mushtlashgan bola emasman. Bu qo'rqoqlikdan emas, albatta! Yoshligimdan kurashga qatnashib, sport bilan shug'ullanganman, mushtlashsam uncha munchadan qo'lim baland kelishini bilaman. Bolaligimdan hozirgacha muammoni janjalsiz, kallani ishlatib, muomala bilan hal qilish tarafdoriman. Oilada ham shunaqaman. Boshida Sevinch biron nimadan jahli chiqib, qizishadigan bo'lsa, uni yumshoqlik bilan yengib, hovuridan tushirardim. Shunday murosalardan keyin «Siz meni uyaltirdingiz» deb bunaqa jahl qilishlarini tashlagan. Urishib qolsak ham, uzog'i bilan yarim soatcha gaplashmasligimiz mumkin, undan oshmaydi.

Sharof Muqimov

- Hozirgi savolim uchun oldindan uzr so'rayman… Odamlar orasida yuramiz, eshitamiz, turmushingizga nisbatan «uzoqqa bormaydi» degan fikrni bildiruvchilar yo'q emas.
- Bilaman, bunday fikrlaydiganlar hamma joyda har qanday oilaga nisbatan topiladi, ayniqsa san'atkorlarning turmushiga nisbatan shunday ishonchsiz ko'z Bilan qarashadi. Vaholanki, oilasini havas qiladigan darajada asray olgan san'atkor oilalar juda ko'p. Birovning oilasi haqida «uzoqqa bormaydi» deb gapiruvchilar  o'sha turmushning baxtini, chiroyli hayotini ko'ra olmaydiganlar bo'lishadi… Bundaylarga aytadigan gapim, birovning taqdiridan fol ochguncha o'z turmushingizni mustahkam saqlash haqida qayg'uring! Ertaga kimning hayotida nima bo'ladi, bu faqatgina Yaratganga ma'lum. Lekin har kim o'ziga berilgan baxtni ushlab qolishga, oilasini asrashga urinishi kerak. Biz ham shunga harakat qilamiz. Bugun turmush qurib erta ajrashish, nikohga yengiltaklik bilan qarash jinoyatday gap. Turmushtning mushtiga chidaydigan, kerak bo'lsa chap bera oladigan yoshda oila qurdim deb o'ylayman. Salga ajrashib ketuvchilar oila nimaligini hali to'liqІicha anglab yetmagan, bu ma'suliyatga tayyor bo'lmaganlar orasida ko'p uchraydi. Yigitlarning yigirma besh yoshdan erta uylanishiga qarshiman. Ota-onalar shu narsaga jiddiyroq e'tibor qaratishlarini istardim.
- To'yingiz diskini sotuvga chiqardingiz, buni «reklama» deb baholaganlar ko'p bo'ldi?
- Ehtimol shundaydir, lekin ataylab shu maqsadda ommaga tarqatmaganmiz. Bo'lmasa, to'ydan besh oy o'tib sotuvga chiqmasdi. Ertasi kuniyoq ko'plab studiyalardan katta miqdordagi kelishuv asosida sotuvga chiqarish taklifi tushgan. Niyatimiz siz nazarda tutganday bo'laganda o'shandayoq berib yuborardik.
- San'atkorlarning dabdabali to'ylarini ko'rib, odamlar imkoni bor-yo'qligiga qaramay shunaqa to'y berishga tirishishayapti…
- Gapingiz to'g'ri, xalqimiz san'atkor ahliga ergashuvchan. Siz aytgan holatlarga o'zim ham guvoh bo'layapman. Lekin biz odamlarning ensasini qotiradigan darajada hashamatli to'y berganimiz yo'q. Qanaqadir dongdor restoranu, bir kunligi necha ming dollar turadigan limuzinlarni ijaraga olmadik. To'yimiz oddiy xalq o'tkazib yurgan to'yxonada o'tdi. Asosiy farqli jihati san'atkorlar va mehmonlar ko'p bo'ldi. Ba'zilardan «stadionda qilsang bo'lmasmidi» degan piching ohangidagi gaplarni eshitdim. Odam ko'payib ketishini bilganimda qilardim. Men besh yuztagacha mehmonga stol buyurtma berganman, tashrif buyurganlar esa mingdan oshib ketdi. Yaxshi kuningizda hurmat qilib kelgan odamni haydab solmaysiz-ku. Baribir g'ayrlik qiluvchilar topilarkan-da, to'yda kelin-kuyov bemalol o'ynab-kulib, xursandchiligimizni oshkor etib o'tirganimizdan ham kimlardir egrilik qidirgan. Nima qipti!? Inson o'zining hayotidagi eng baxtli kunida kulib o'ynasa yomonmi? Nega xuddi gunohkordek bo'ynin egib, boshimizni ko'tarolmay, bir joyda qimirlamay o'tirishi kerak? Bilmadim, balki noto'g'ri fikrlayotgandirman, lekin men bunday o'ylamayman. Inson hayotidagi eng muhim, betakror damlarida faqat yaqinlari emas, o'zi ham chin dildan yayrab, quvonishi kerak.
- To'yingizdan keyin siz haqingizda sovuq mish-mish tarqalib ketdi «Sharof Muqimov Farg'onadan qaytishda perevalda avariya bo'libdi…» degan…
- Ehe, bu mish-mish tarqalgandan keyin telefonni ko'tarishga bezillab qolgandim, muxlislar-ku mayli, san'atkor do'stlar, ustozlar ham telefon qilib, «Tinchmisan?» deb so'rashardi. Oxiri, telefonni ko'targanimdan hol ahvol-so'rashmasdanoq «Men tirikman, tinchman» deydigan bo'ldim. Eng xavotir olganlar xizmatga «zaklat» berib qo'ygan akaxonlarimiz bo'lishgan(miriqib kuladi). Buning ustiga ancha payt telefonim o'chiq bo'lgan, mish-mishga yana ham ishonib, umidlarini uzay deyishgan.
- Ijodga qaytadigan bo'lsak, tinimsiz yangi qo'shiqlar taqdim etib turmasangizda, radio televideniedan «tushmay», odamlarga yoqishga urinayotgan ayrim xonandalardan ko'ra siz haqingizda so'rab surishtiruvchilar ko'p. Buning sababi nimada deb o'ylaysiz?
- O'zimni megayulduz deb ayta olmayman. Reyting jihatdan ham ancha orqada qolgandirman, lekin o'zimga yarasha siz aytgan ko'rinmay qolsam, «nega chiqmay qo'ydi?» deb so'rab-surishtirib turuvchi muxlislarim bor. Bir paytlar aynan shuni orzu qilganman va bunday e'tiborga erishganimdan o'zimni baxtli xonandalardan biri deb bilaman. Sababiga kelsak, kam ijod qilsam ham, sifatiga e'tibor berishim, odamlarning qulog'iga xush yoqadigan taronalarni kuylashimda bo'lsa kerak. Bunday tashqari, san'atkor xalq ko'ngliga o'ziga ko'rsatilgan hurmatga munosib javob bera olishi, insoniy muomalasi bilan joy olishi ham bor… O'zimni maqtamaymanu, men har doim shunga harakat qilganman.
- Yangi «O, layli» nomli qo'shig'ingiz va unga ishlangan klip haqida to'xtaling…
- Bu qo'shig'imiz ham oldingi taronalarimiz kabi sho'x ohangda kuylangan. Unga Moskva hamda Malayziyada klip olib qaytdik. Јo'shiq ijrosi bo'lishdan tashqari, klipda ham rejissor, ham operator, ham aktyor sifatida ishladim. Tez kunlarda musiqiy telekanalda prem'erasi bo'lib o'tadi. Bundan tashqari yana bir «Bembi» nomli sho'x tarona tayyor, unga klip ishlash taraddudidamiz. Shu kunlarda klipdagi raqs sahnalari uchun maxsus mashg'ulotlarga qatnab tayyorlanayapman. Asosan yoshlarbop, biroq kattalarga ham yoqadigan qo'shiq bo'ladi deb o'ylayman.
- Kelajakda yo'nalishingizni o'zgartirgan holda biroz sokin va mahzunli taronalar kuylab ko'rish niyatingiz yo'qmi?
- Mahzunli taronalarim yo'q emas, ammo ularni xalqqa taqdim etishdan qo'rqaman. Chunki ko'p narsa niyatga bog'liq ekaniga ishonaman. Dardchil qo'shiqlar aytishni istamaganim boisi, undagi dard haqiqatan ko'nglimga ko'chishini istamayman. Rahmatli Mo'min Oripov o'limidan oldingi eng so'nggi qo'shig'ida «balki uchrasharmiz endi osmonlarda» degan jumlalarni aytgan yoki shunga o'xshash holatni san'atda ko'p kuzatish mumkin. Keyin o'zim hayotda optimist odamman. Tushkun kayfiyatga tushishni yoqtirmayman, qo'shiqning inson ruhiyatiga ta'siri katta. Hech e'tibor berganmisiz, ertalab sho'x, o'ynatadigan ashulani eshitib ish boshlasangiz kun bo'yi kayfiyatingiz zo'r bo'ladi, agar og'ir, dardli tarona eshitadigan bo'lsangiz o'z-o'zidan xomush tortib qolasiz. Menda «Sen ketding izingdan qoldi alamim» degan so'zlar bilan aytiladigan yaxshi sokin tarona bor, lekin kuylagim kelmaydi.  Shunga o'xshash yana bitta ashulamni Sevinchga berdim, u aytib chiqmoqchi, biroq o'zim xohlamayman.
- Kino sohasiga begona emassiz, bu tomonga ham o'tmay qo'ydingiz?
- Ham kino, ham qo'shiqchilikda  ijod qilgan paytlarim ikkita qayiqni birday ushlash qiyinligini tushunganman. Ko'pincha film suratga olish jarayonlari xizmat vaqti bilan mos kelmasdi, ba'zida jamoani kuttirib qo'yishimga to'g'ri kelardi. Shunday paytda rejissor va jamoa oldida noqulay ahvolda qolardim. Bu esa yoqimli holat emasdi.
- Bir gal suhbatlashganimizda o'zingiz film ishlashingiz haqida aytgandingiz, keyin jim bo'lib ketdingiz?
- Kino ishlash niyatim jiddiy edi. Scenariy tayyor, unga ketadigan mablag'ni yig'ib qo'ygandim. Shu kino sabab Sevinch bilan yaqin bo'lganmiz. Bosh rollarni ikkalamiz ijro etishimiz kerak edi. Oqibatda, ishlanmoqchi bo'lgan kino hayotimizga ko'chib, sevgi romanimiz boshlanib ketgach, filmga deb yig'ilgan mablag' to'y xarajatlariga ketadigan bo'ldi (kuladi). Lekin niyat bor, kelajakda albatta, bitta bo'lsa-da o'z filmim bo'ladi. Asl mutaxassisligimni oqlamagunimcha qo'ymayman. Gap mablag'ning to'planishida. Homiy topib ishlasam bo'ladiyu… qarzdor bo'lishni yoqtirmayman. Birovdan ming so'm qarz olsam, kechasi uxlolmayman.

Sharof Muqimov

-Yaqin kelajakda konsert dasturingizni taqdim etish niyatingiz bormi?
- Niyat qilib yuribman, keyingi yillarda ijodimda yaxshi qo'shiqlar yaratib, muxlislar ko'nglidan yanada chuqurroq, yangidan joy olganimdan keyin o'zimning yakkaxon dasturimni taqdim etaman. Shu paytgacha imkoniyatim bor deb, ikki-uchta yangi qo'shiq qilib konsert bersam bo'lardi, tomdan tarasha tushganday falon kuni konsert deb e'lon qilib, zalni majburan yig'ilgan tomoshabinlar bilan to'ldirishni xohlamayman. yetarli darajadagi tinglovchi o'zi xohlab, qiziqib konsertimga tushishiga ishonsamgina beraman.
- Balki oilaviy konsert dasturi berarsizlar?
-Yo'q. Sevinchning bu borada o'z orzulari bor. Uning bu orzusi qachon amalga oshadi, bilmadim. Chunki uning xayolidagi konsert dasturi, aytishiga qaraganda, butunlay o'zgacha, hali bizda bunaqa konsert qo'yilmagan. Bitta konsertda ikki uchtalab dekoratsiyalar yana qanaqadir g'ayritabiiy sahnalar va hokazo… lekin niyatiga erishishini chin dildan istayman va kerak bo'lsa, astoyidil qo'llab-quvvatlayman.
- So'nggi yillarda yulduzlikka intiliyotgan xonandalardan kimlarning ijodida porlash ko'rasiz?
- Bugungi qo'shiqchilikda porlab chiqqanlardan ko'ra, porlay olmay, ham o'zini, ham tinglovchilarni «qiynab» qo'yganlar ko'p. Bunga sabab o'sha xonandalarning aksariyati oxirgi paytda qaysi taniqli san'atkorning qo'shiqlari hit bo'lib, yaxshi qabul qilinayotgan bo'lsa shu san'atkorning yo'nalishiga «o'zini urayapti».  Ba'zida radioda eshitib qolsangiz, ovozlar, uslublar o'xshashligidan kim aytayotganini ajrata olmaysiz. Ijodi bilan ajralib turadiganlardan, Ruhshona, Jasur Umirov (ko'p tanqidlarga sabab bo'lsa-da) san'atda o'z yo'nalishini topib oldi deya olaman, keyin «Ummon» guruhi ijodi yoshlar tomonidan juda yaxshi qarshilanmoqda. Shuncha ovozlar ichidan yorib chiqib, xalq nazariga tushish ham bir baxt. Hammasining omadini bersin deyman!
- Bir ish qilishdan oldin ko'p o'ylanasizmi yoki tavakkalchilikni yaxshi ko'rasizmi?
- Ko'p o'ylanaman. O'ta ziyoli, imli inson bo'lgan amakim borlar, ular yoshligimdan «Bir ish qilishdan oldin shunaqa o'ylaginki, keyin afsus qilib yurma»  deb uqtirganlar. Shu gaplari qulog'imga singib qolganidan har bir ishimni uzoq va qayta-qayta o'ylab keyin amalga oshiraman.
- Xotirangizga ishonasizmi?
- Ishonardim, lekin oxirgi paytlar pand beradigan bo'lgan. Bir gal Moskvadagi konsertda jonli qo'shiq aytayotib so'zlari esimdan chiqib qoldi. Shunda o'ylab o'tirmay birinchi kuplet o'rniga ikkinchisini aytib yuborganman, ikkinchi kupletga kelganda birinchisi esimga kelsa aytaman degandim, yo'q, hech esimga kelmaydi, yana ikkinchi kupletni qaytarganman. Qo'shiq Mustafo Sandalcha yo'nalish bo'lgan. Bu turk xonandasida qo'shiqlarida nechta kuplet bo'lmasin, hammasi bir xil bo'ladi, shuni gapirib yurardim, chatoq xotiram tufayli o'zim ham unga o'xshab qoldim.
- Ko'rinishingiz joyida, hatto yaxshigina to'lishibsiz…
Ha, hozir sog'ligim ancha durust. To'lishganimga kelsak, endi yosh ulg'aygandan keyin o'zgarib ketaverarkansiz. Kam ovqat yesam ham semiradigan bo'lganman. Bu hali ozganim. Shu kunlarda o'zimni «forma»da saqlash uchun parhez qilayapman. 
- Samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Suhbat so'ngida nimadir demoqchimisiz?..
-Albatta, ijodimga e'tiborsiz bo'lmagan, qolaversa, shaxsiy hayotimga havas qilib, baxt tilaydigan barcha muxlis va muxlis bo'lmaganlarga rahmat aytmoqchiman. Yaxshi niyatlari o'zlariga hamroh bo'lsin.

Sharof Muqimov


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 393 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *