Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
30 Mart, 2010

Shahzoda: «Qo'shiqlarimizda dard bor, ana shu bizning yutug'imiz»!

ShahzodaShahzoda… Yurakning tub-tubigacha yetib boradigan nozik ovoz sohibasi. Nazokatli va maftunkor bu sharq go'zalining obrazi ko'pchilikning diqqatini o'ziga tortgani shubhasiz. Bugun xonanda – yaqin va uzoq xorij mamlakatlarining eng kutilgan mehmoni.

–Shahzoda, siz bilan uchrashganimizga ancha bo'libdi. Oxirgi yangiliklaringiz haqida gapirib bersangiz?
–Muxlislarimning xabari bor, 2009 yilda ikkita albomimni taqdim qildim. Biri lirik albom bo'lib, nomi «Sevgi bor», ikkinchisi esa odatiy musiqiy treyklar jamlangan albom edi. Shuningdek, rus tilidagi qo'shiqlarim jamlangan disk ham taqdim qilingan edi. Hozirda yangi albomdan joy egallaydigan qo'shiqlar ustida ishlamoqdaman.
–Yangi albomingizning nomlanishi haqida o'ylab ko'rdingizmi?
–Bu haqda, ochig'i o'ylab ko'rmabman. Avvaldan birinchi qo'shiqlarni yozib olaman, so'ng esa albom nomi haqida bosh qotiraman.

Shahzoda

–Shahzoda, muxlislaringiz uchun sizning qanday hordiq chiqarishingiz ham qiziq.
–Eng yaxshi dam olish maskanim, albatta, uyim. Chunki asosan chet mamlakatlarda gastrol safarlarida yuraman. Shu kunlarda Qozog'iston, Qirg'iziston va Sankt-Peterburgga gastrol safariga jo'nab ketaman. Turmush o'rtog'im, o'g'lim bilan uyda dam olishimga baribir hech narsa teng kelmaydi. Ha aytgancha, bo'sh vaqtimda «Prins» laqabli juda aqlli itimni o'ynatishni yaxshi ko'raman, bundan tashqari mushugimni silab o'tirishni.
–Adashmasam, itingizning zoti «Labrador», rangi esa oq…
–To'g'ri topdingiz!
–Darvoqe, o'g'lingiz hozirgi kunda nimalar bilan mashg'ul?
–O'g'lim bu yil 7 sinfni tamomlaydi. Hozircha kurash sport turi bilan muntazam shug'ullanib kelmoqda. Kurash zallarida u urushishni emas, balki kutilmagan hollarda o'zini himoya qilishni o'rganadi. Sport o'g'limning sog'lom bo'lib voyaga yetishida katta yordam beryapti, deb hisoblayman.
–Shou-biznes sizni qay darajada o'zgartira oldi va bu olamning  sizga yoqmaydigan tomonlari?
–Shou-biznes olamiga 19 yoshimda kirib kelgan bo'lsam, mana shu vaqtgacha shou-biznes odamni sindirmasligini, aksincha ruhan chiniqtirishini, ma'naviy kuchli qilishini tushunib yetdim. Shou-biznes olamining menga yoqmaydigan tomoni bu – g'iybat! Keyin tuhmatdan qo'rqib qolganman.

Shahzoda

–Yoqadigan tomoni-chi?
–Qo'shiqlar! Qo'shiqlarimizda dard bor. Busiz ular tinglovchilar yuragiga yetib bormasdi.
–Hayotda-chi? Nimalarni yoqtirasiz?
–Jajjigina bolalarni hamda hayvonlarni yaxshi ko'raman. Hayvonlarni qiynagan, yosh bolalarni kaltaklaganlardan nafratlanaman.
–Onasiz. Farzandingizni tergab turasizmi?
–Agar xato qilsa, qaerda xatoga yo'l qo'yganini to'g'ri tushuntirishga harakat qilaman. Shu paytgacha farzandimga qo'l ko'tarmaganman. Ba'zi vaqtlar bo'ladi, jahlimni chiqarsa, juda keskin gapirib tashlayman. Lekin vaqt o'tgach, qilgan ishimdan afsuslanaman. Shu uchun keyin afsuslanadigan ish qilmaslikka intilaman har doim. Yaxshi gap bilan ham  muammoning yechimini topsa bo'ladi. Bolani kaltak bilan tarbiyalashlariga mutlaqo qarshiman.
–Hayotingizning asosiy qismi gastrol safarlarida o'tadi. O'g'lingizni ham birga olib ketasizmi?
–Hech qachon! Chunki o'g'lim maktab o'quvchisi. Agar men uni o'zim bilan olib ketsam, o'qishi qolib ketadi. Kelajakda yetuk mutaxassis bo'lishi uchun u hozirdan a'lo baholarga o'qishi kerak.

Shahzoda

–Tozalik sizning hayotingizda…
–Juda muhim! Nafaqat kundalik hayot, balki insonlar bilan muloqotda ham inson hurmat, pokiza qalb bilan muomalada bo'lishi kerak, deb hisoblayman. Ikkiyuzlamachilikni qattiq qoralayman. Hamma bilan samimiy munosabatda bo'laman va yon atrofimdagilardan ham shuni talab qilaman.
–Oxirgi marta kim bilan janjallashib qoldingiz?
–Bilasizmi, men kelishmovchiliklarni yomon ko'raman va hech qachon kim bilandir janjallashmayman. To'g'ri, meni hafa qiluvchilar topiladi. Bundaylarni shunchaki hayotimdan o'chirib tashlayman va boshqa umuman e'tibor bermayman.
–Hayotingizdan o'chirib tashlagan odamlar soni qancha, sir bo'lmasa?
–Bunday holat kamdan kam bo'ladi. Chunki atrofimda yaxshi insonlar yig'ilishgan. Kelishmovchilik holatlari ham bo'lgan, lekin ularni eslashni xohlamayman.
–So'ngi marotaba qaerga taksida bordingiz?
–(Kulib). Esimda yo'q. Chunki o'zim avtomobil boshqaraman. Mashinam buzilib qolganligi tufayli «Tarona Rekords» studiyasiga taksida kelgan bo'lishim mumkin. Lekin bunday holatlar avval sodir bo'lgan.

Shahzoda

–Mashina boshqarib ketayotganingizda muxlislaringiz sizni ko'rishlari tabiiy hol…
–Ba'zi paytlarda rulda ketayotganimda, mashina boshqarib ketayotgan yosh yigitchalar meni tanib qolib, baqirib, har xil qiliqlar qilishadi. Shunday hollarda hamisha oynalarni yopib, ularga parvo qilmasdan yo'limni davom ettiraman. Bu harakatimdan keyin o'sha yigitlar men haqimda «Shahzoda yulduz bo'lib qolibdimi», degan fikrga kelishlari mumkin. Lekin men bir narsaga aminmanki, katta ko'chada baqir-chaqir qilish, turli beo'xshov qiliqlar ko'rsatish o'zbek mentalitetiga to'g'ri kelmaydi. Agar ular mening muxlisim bo'lib, men bilan salomlashgilari kelsa, bu ishni farosat bilan amalga oshirsa bo'ladi.
–Yo'l qoidalariga qanchalik ahamiyat berasiz?
–Yo'l qoidalarini buzmaslikka harakat qilaman. Ammo patrul xodimlari men bilan ko'rishish uchun ham tez-tez to'xtatib turishadi. Har doim bir xil yo'nalish bo'yicha harakatlanganim uchun  DAN xodimlari meni yaxshi tanishadi.
–So'nggi marotaba o'zingiz uchun nima xarid qildingiz?
–Juda ko'p narsa. So'nggi xaridlarimdan biri bu o'zim uchun do'st sotib olganim. Aslida do'stni sotib olsa bo'lar ekan. Mening do'stim bu – «Labrador» laqabli kuchugim.
–Modani kuzatib borasizmi?
–Albatta. Lekin modaga mukkadan ketgan emasman. Libosingizning narxi hech qanday ahamiyatga ega emas, asosiysi u sizga yarashib tursin.
–Taom tayyorlay olasizmi?
–O'n uch yoshimdan o'zim mustaqil taom tayyorlashni boshlaganman. Barcha ovqatlarni tayyorlay olaman. 
–Sevimli ichimligingiz?
–Ba'zilar tabiiy sok yoki boshqa ichimliklarni yaxshi ko'rishadi. Lekin men qora choyni yaxshi ko'raman.
–O'z harakatlaringizdan uyalgan vaqtlaringiz bo'lganmi?
–Yo'q. To'g'ri, men haqimda «Shahzoda ochiq kiyinadi», deb gapirishgan. Nazarimda, sahnada kuylayotgan san'atkor boshqalardan ajralib turishi kerak. Onam filolog, rus tili va adabiyoti o'qituvchisi, ammo bundan tashqari u ajoyib chevar ham. Aynan ular tufayli o'zimga yarasha didim bor, chiroyli liboslarni yaxshi ko'raman. Menga klassik uslub yaqinroq, ortiqcha bejamdorlikni yoqtirmayman. Ayol badanining go'zalligiga urg'u beruvchi ochiq kechki bayram liboslarini juda yoqtiraman. Ba'zida nimanidir ozgina ochish yoki unga urg'u berish mumkin, deb o'ylayman, faqat buni to'g'ri qilish kerak. Qolaversa, asosiysi libos emas, balki sahnada o'zini tutish madaniyati.
–Og'ir damlardan qanday chiqib ketasiz?
–Bunday hollarda do'stlarim bilan uchrashib, suhbatlashishga oshiqaman. Chunki og'ir damni yengib o'tishim uchun kim bilandir suhbatlashishim kerak. Ba'zilar og'ir damga tushsa, yolg'iz qolgisi keladi. Menda bunday emas.
–Kitob o'qishga vaqt topasizmi?
–Albatta. Eng so'nggi o'qigan kitobim bu yozuvchi Paolo Koeloning «Brida» asari! Bundan tashqari yaqinda yangi filmga taklif bo'lgan edi, o'sha film ssenariysini o'qib chiqdim.
–Muxlislaringiz sizni aktrisa sifatida ko'rishlari mumkin ekan-da?
–Bo'lishi mumkin. Lekin bu hali aniq emas. Hozircha bu shunchaki loyiha sifatida turibdi.
–Film sevgi-muhabbat haqidami?
–Sevgi-muhabbatga ham o'rin qoldirilgan, lekin film menimcha ko'proq hayot haqida.
–Va'da bergan bo'lsangiz, aytilgan joyga vaqtida borasizmi?
–Kech qolmaslikka harakat qilaman. Kerak bo'lsa, aytilgan vaqtdan ancha oldin ham yetib boraman. Menga insonlarning o'z ishlariga befarq bo'lishlari, mas'uliyatsizlik bilan yondoshishlari umuman yoqmaydi.
–Kelajakdagi rejalaringiz?
–Amalga oshirmoqchi bo'lgan rejalarim juda ko'p. Juda ko'p narsani niyat qilib qo'yaman, biroq yuzaga kelgan vaziyatlar tufayli ularni amalga oshirishning iloji bo'lmay qoladi. Keling niyatlarim bilan o'rtoqlashay: o'z ismimni patent qilib, o'z liboslarim liniyasini chiqarish g'oyam bor edi.
Yana bir amalga oshirsa bo'ladigan orzuim – kitob chiqarish, yo'q kitob ham emas, men bo'lgan mamlakatlar, madaniyatlardan olgan taassurotlarim yozilgan ocherklar to'plami. Bunday kashfiyotlar meni doim hissiyotlarga to'lib-toshiradi, ularni qog'ozga bitgim keladi.
–So'nggi so'z o'rnida…
–Shaxsan sizlarga iste'dodli xonandalar bilan ko'proq qiziqarli suhbatlar uyushtirishlaringizni tilayman. SB.uz portali har doim ajoyib, qiziqarli hamda eksklyuziv ma'lumotlarni taqdim qilishda davom etaversin!

Durbek Shofayziev va Alisher Ne'matjonov suhbatlashdi.

P.S.: Shahzoda bilan suhbatni uyushtirishda yaqindan yordam bergan Davron Muqimovga SB.uz portali o'z minnatdorchiligini bildiradi.


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 489 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *