Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
12 Iyun, 2006

“Setora”: Kim aslida kim?

SetoraQisqa fursat ichida muxlislar orttirgan va o’z imijini yarata olgan “Setora” guruhi qizlarining o’z mavqelarini saqlab qolishlari oson bo’lmayapti. Metin iroda, tinimsiz mehnat orqali yangi kuy-qo’shiqlar va kliplar yaratib o’z san’atlarini ko’rsatishga, estradadagi kuchli raqobatda qoqilmaslikka harakat qilishmoqda…-          Guruhingizning sobiq a’zosi Malika bilan bog’liq holatga izoh berib o’tsangiz.
      “Setora”: Bilmadik, nima sababdan. Lekin konsert dasturiga atigi to’rt kun qolganida Malika repetitsiyaga kela olmasligini aytdi. Guruhimiz administratori qo’ng’iroq qilganida, “Mening sog’lig’im yaxshi emas, hozir shifokor keladi. Shifoxonaga yotishim kerak”, dedi. Biz bilan chiqisha olmay qolgani esa haqiqatdan yiroq. San’at qiyinchiliklariga dosh bera olmadi, nazarimizda.
Suhbatga guruh administratori Davron Muqimov qo’shildi.
-          Tasavvur qiling, konsertga hamma narsa tayyor ko’chalarda, TV va radiolarda Malikaning surati bilan konsert reklamasi ketyapti. Malikaning o’zi esa yo’q. konsertga atigi to’rt kun qolgan. Biz hatto konsert bo’lish yoki bo’lmasligini ham bilmasdik va so’nggi daqiqalarda qizlar bilan anchadan buyon birga yurgan Shahzodani guruhga jalb qildik. Barcha qo’shiqlar qayta yozildi. Kechalari ham ishlashdi. Konsertgacha bo’lgan bir yillik yo’l, to’rt kunda bosib o’tildi. Do’stlik shunday qiyinchiliklarda sinaladi, deyishadi. Aynan shu do’stlik natijasi mana bugun o’z mevasini bermoqda, ya’ni ijodiy namunalar a’lo darajada chiqmoqda. Avvallari biz bergan vazifalarga ko’ra qo’shiq ijro etadigan qizlar, endilikda har bir qo’shiq she’ri va musiqasi bilan tanishib, qo’shiq yaratishmoqda.
-          Konsertga tayyorgarlik jarayonida eng og’ir yuk Shahzodaning bo’ynida bo’libdi-da?!
         Shahzoda: Aslida konsertga yil davomida hozirlik ko’rilishi hech kimga sir emas. Mening oldimda esa shu bir yillik tayyorgarlikni o’tash uchun atigi to’rt kun muhlat bor edi. Menga bildirilgan ishonchni oqlash uchun men bor kuchimni ishga slogan holda bu qiyinchiliklarni, yengib o’tishga harakat qildim. Hatto shu kunlarda bir soatgina uxlagan vaqtlarim ham bo’ldi. Berilgan fursat o’zimni yuz foiz ko’rsatishga kamlik qildi.
-          Konsertda muxlislar “Malika, Malika qani?” deya baqirishganiga o’zim guvoh bo’lgandim. Bu sizga ta’sir qilmadimi?
Shahzoda: Konsetda hamma Malikani kutgani ayon edi. Men bu holga oldindan tayyor turgan edim. Lekin konsert yakunida tomoshabinlarning menga bo’lgan munosabatlari yaxshi tarafga o’zgarganini sezdim.
-          Guruhda yetti oydan beri faoliyat yuritmoqdasiz. Qizlar bilan munosabatingiz qanday?
-          Munosabatimiz juda ham yaxshi. Dugonalarim meni qo’llab-quvvatlab turishdi.
-          O’zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz…
-          Men 1984 yil 28 aprel kuni Toshkent shahrida tavallud topganman. Estrada-sirk kollejini tamomlab, hozirda Sharqshunoslik institutida tahsil olmoqdaman.
-          Filmlarda ham suratga tushganingizdan xabardormiz. Shu haqda to’xtalib o’tsangiz.
-          Otabek Madrahimov hamda Aziz Rametovlar bilan birgalikda “Shiringina armonim” nomli kinokartinada bosh rolni ijro etdim. Hind kinoijodkorlari tomonidan tasvirga tushirilgan filmlardan birida ham suratga tushganman. Film prem’erasi tez kunlarda bo’lib o’tishi ko’zda tutilgan.
-          Qizlar, Shahzoda kelgach guruhda sezilarli o’zgarish yuz berdimi?
-          Shahzoda kelgandan keyin guruhimiz jonlandi. O’zi tirishqoq, intiluvchan va odam bilan tez til topishib ketadigan qiz.
-          “Setora” guruhiga qarshiliklar ko’p bo’lmoqda…
Rizvongul: Sahna katta, joy hammaga yetadi. San’atda esa bardosh bera oladiganigina qoladi. Bir-ikki yil o’tsin, kim aslida kim ekanligi keyin ayon bo’ladi. Har bir qarshilik bizga yanada ko’proq kuch, matonat bag’ishlaydi. Ishalshga ishtiyoq kuchayadi.
-          Ijodiy yangiliklaringizdan xabardor etsangiz…
“Setora”: Tez kunlarda muxlislar hukmiga “O’ylab seni” nomli taronamizni taqdim etamiz. Yana bir yangi qo’shiq tayyorlayapmiz. Hozircha uning nomi sir. Ayni kunda ikkinchi albomimiz ustida ish olib bormoqdamiz. Bir vaqtning o’zida ham rus, ham o’zbek tilidagi albomlarimiz sotuvga chiqadi. “Sen mening” taronamizni rus tilida ijro etib, unga klip ham suratga tushirib bo’ldik. Rossiyalik ijodkorlar bilan hamkorlik yo’lga qo’yilsa, juda ko’p yoqimli sovg’alar guvohi bo’lasiz.


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 123 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *