Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
27 Yan, 2012

Sardor Rahimxon: «Bu mening nonim, mavqeim, kelajagim…»

SSardor Rahimxonardor Rahimxonni nafaqat yaxshi ijodkor sifatida, balki dunyoqarashi keng, teran fikrli, tartibni yaxshi ko'radigan tarbiyali inson sifatida bilaman. Bu fikrimga u bilan suhbatda bo'lgan hamkasblarim, uni yaqindan biladigan barcha insonlar qo'shilishiga shubham yo'q.

Ustma-ust kelgan dastlabki muvaffaqiyatlaridan keyin unga nisbatan «Omad tufayli ko'tarilgan» degan fikrni bildirishgan bo'lsa-da, oxirgi yillardagi yutuqlarini o'z mehnati bilan mustahkamlayotganiga guvoh bo'layapmiz. Bugun Sardor bilan o'tgan yilgi muvaffaqiyatlari, otalik baxti, oila mustahkamligi haqida suhbatlashdik.

-Sardor avvalambor mukofot muborak bo'lsin. «Nima uchun» qo'shig'ingizga ishlangan klip «Yilning eng yaxshi klipi» nomiga loyiq topildi. Bu yutuq siz uchun  qanchalik kutilgan yoki kutilmagan bo'ldi?
-Taqdimotda ko'rgan bo'lsangiz, «Oriat dono» radioboshlovchisi Akmal Mirzo mukofotni olayotganda «Men bu g'alabani kutgandim» deb aytdi. Xuddi shunga o'xshab men ham, to'g'risini aytaman, kutgandim. Bu gapim bilan o'zimga yuqori baho berayotganim yo'q, aslida har doim ijodimga, o'zimga tanqid ko'zi bilan qarab kelaman. Qo'shiq emas, aynan klip haqida gap ketayotgani bois garchi ashula meniki bo'lsa-da, chetdan turib klip rejissorining ishiga baho berishga haqliman. Chindan ham bu yil suratga olingan kliplar orasida Narimon Sultonxo'jaevning qilgan ishlari ajralib turadi. Ayniqsa, «Nima uchun» klipida uning mahorati yaqqol seziladi. E'tibor bergan bo'lsangiz, qo'shiq u yerda ikkinchi planda, klipni esa myuzkl yo bo'lmasa, mini-film deyish mumkin. Umuman, juda katta loyiha bo'lgan, ikki oy davomida suratga olingan, qancha aktyor-aktrisalarimiz jalb etilgan, byudjeti ham shunga yarasha. Shu sabab, ochig'i, nominatsiyada shu klip g'olib bo'lishini istagandim va kutgandim.

Sardor Rahimxon

-Yil oxirida Rossiyaning Novosibirsk shahrida o'zingizning bir kunlik konsert dasturingiz bilan bo'lib qaytdingiz. Eshitishimizga qaraganda, konsert kutilganidan ham a'loroq bo'libdi.
-Bu mening xorijdagi birinchi rasmiy konsertim bo'ldi. Safar juda qisqa vaqt ichida tashkillashtirildi. Aslida o'zi Moskva shahriga xizmat safari yuzasidan borgan edik. Novosibirskda «Temurlan» degan yoshlar tashkiloti bor ekan. Bu tashkilot tashrifimdan xabar topib, o'n kun ichida shu dasturni uyushtirib berdi. Konsert haqiqatdan ham juda fayzli bo'ldi. Qish, yigirma besh daraja sovuq… konsert kechasi sakkizda boshlandi, shunga  qaramay rosa odam to'plandi. Muxlislarning ko'zida yurt sog'inchi, Vatan mehrini shundoqqina sezish mumkin. Ularning ishtiyoqi, sog'inchi ta'sirida ikki soatga mo'ljallangan konsertimiz uch soatga cho'zildi. Shu paytgacha faqat «Istiqlol»da shuncha vaqt davomida konsert berganman, xolos. Viloyatlardagi konsertlarimiz ikki soatdan oshmagan. Novosibirskdagi bu konsertdan so'ng Rossiya davlatining boshqa shaharlarida yashaydigan yurtdoshlarimizdan takliflar tushayapti. 
-Xayrlashgan yilimiz sizning hayotingizda qanday chiroyli onlar, yaxshi o'zgarishlar bilan yorug' iz qoldirdi?
-2011 yil menga har tomondan yaxshi o'zgarishlarga boy bo'ldi. Shulardan eng birinchi tilga oladiganim bu — otalik baxti. Qizim dunyoga kelgan onlar nafaqat shu yildagi, balki umrimdagi eng unutilmas, baxtli hodisalardan biri bo'ldi. Bundan tashqari, bir emas, ikkita albomim sotuvga chiqdi, yurtimizning yigirma yillik to'yi bo'lgani bilan ham bu yil men uchun esda qolarli bo'ldi. Aynan shu munosabat bilan ilk bor Vatan haqida qo'shiq kuyladim.

Sardor Rahimxon

-Otalik tuyg'usining hayotingiz va ijodingizga qandaydir ta'siri bo'ldimi?
-Bo'lmasam-chi! Ona qizim tug'ilganidan keyin hayotim yanada ma'no, quvonch, xursanchilikka to'ldi. Uyga talpinadigan bo'ldim. Chunki uni qo'limga olganimda hamma muammo-tashvishlarim esimdan chiqib, yuragim sevinchga to'ladi. Qizalog'imning ko'zida dunyodagi jamiyki yaxshiliklarni ko'rganday bo'laman va xuddi o'zimni undan «ilhom» olayotgandek his etaman. Farzandim tug'ilganidan keyin ota-onam, ayniqsa, onamning qadrini ko'proq anglaydigan bo'ldim. Ma'suliyatim oshdi. Har bir qadamimni jiddiy o'ylab bosadigan bo'lim. Ijodimga ta'siri, endilikda har bir yangi qo'shiq yozishdan oldin uni bo'yiga emas eniga o'lchab, hisob olayapman. Nazarimda, jiddiy mavzular haqida kuylash vaqti keldi.
-Qizingizga bag'ishlab qo'shiq kuylash haqida o'ylamayapsizmi?
-Xuddi shu haqda hozirda bosh qotirayapman. «Ona qizim» deb nomlanadigan chiroyli bir xonish bo'ladi, xudo xohlasa. Shu qo'shiqqa munosib she'r qidirayapman. Shahnozabonuning «Qizalog'im» degan ashulasini maza qilib eshitardim, shunga o'xshagan hammaga yoqadigan tarona bo'ladi deb umid qilayapman. Bu o'zi sir edi. Qo'shiq tayyor bo'lganidan keyin aytmoqchi edim, lekin yaxshi niyatni oshkor qilishning yomon tomoni bo'lmasa kerak.

Sardor Rahimxon

-Qizalog'ingiz kimga o'xshaydi?
-Ona qizim dadasining o'zi. Agar kichkinaligimda tushgan suratim bilan taqqoslasangiz bir xil, unga qarab Sardor Rahimxonning qiz bola varianti deb kulaman.
-Qizingizga ismni o'zingiz tanladingizmi?
-Ha, o'zim. Agar o'g'il bo'lsa Muhammadali, qiz bo'lsa Sabriya qo'yaman deb niyat qilgandim.
-Ko'pchilik erkaklar to'ng'ich farzandi o'g'il bo'lishini xohlaydi. Sizda ham shunday istak bo'lganmi?
-Menda elikka ellik: o'g'il bo'lishini ham, qiz bo'lishini ham birday xohlaganman. Lekin qizli bo'lganim oilamizda katta kutilmagan quvonchli voqea bo'ldi. Negaki, o'zimiz oilada uchta o'g'ilmiz.Yoshligimda doim onamga «Qachon bizga singil olib kelasiz» deb xarxasha qilganman. Qiz bola bo'lmagani uchun, uy ishlarini qilishga to'g'ri kelganda, alam qilardi-da (kuladi). Xudo beraman desa hech narsa emas ekan.
-Sizdan yaxshi ota chiqayaptimi?
-Sabriyam hali endi to'rt oylik bo'ldi. Mendan qay darajada yaxshi ota chiqishi vaqt ko'rsatadi. Hozircha shunga harakat qilayapman. Hech qachon yomon ota bo'lmayman deb oldindan gapira olmayman.  Hech qachon degan so'zni hech qachon gapirma, degan iboraga amal qilaman. Xudo xohlasa yaxshi ota bo'laman. O'zim yaxshi ota-onaning farzandiman, yaxshi tarbiya ko'rganman deb ayta olaman. Endi bu yog'iga otalik burchim bilan ham shunga munosib bo'la olishim kerak.

Sardor Rahimxon

-Sardor aka, sizningcha, oila mustahkam degan ta'rifni olishi uchun u qanday bo'lishi kerak?
-Oilada er-xotin o'zaro ishonch bilan bir-birini tushunib yashashi kerak. Misol uchun, o'z hayotimni oladigan bo'lsam, san'atkor bo'lganim bois ko'chada ko'p yurishimga to'g'ri keladi. Agar ayolim menga ishonmasa rashk o'tida yonib o'zini ham, meni ham ado qilishi hech gapmas. Farzandimning onasi qayerda bo'lishimdan qat'iy nazar oilamga sadoqatli ekanimni, hayolim uyda bo'lishini biladi. Tashqarida men haqimda qanday gaplar bo'lmasin, oilamdagilar menga ishonadi. Men ham bu ishonchga dog' tekkizmaslikka, oqlashga intilaman. Er-xotin bir-birini to'ldirib yashashi kerak. Bekorga kattalar ikki yorti bir butun deyishmaydi. Men ko'chadan uyga kirib kelganimda, ayolim ochiq chehra bilan kutib oladi. Chunki o'zi ko'chada muammo, asabbuzarlik yetarlicha bo'lgan. Agar xotin erini qovoq tumshuq qilib yoki nolib kutib olsa vaziyat achinarli tus olishi aniq. Ayolim buni yaxshi tushunadi. Men ham o'z navbatida ko'chadagi g'alvalarimni uyga ko'tarib kelmayman. Mening fikrimcha mustahkam oilaning asosi o'zaro tushunish va bir-birini qo'llab- quvvatlash, avaylashda. Shaxsan men shunday hisoblayman.
-Hayotda hech kim ideal inson emas. Hammaning ham o'ziga yarasha kamchilik, nuqsonlari bo'ladi…
-To'ppa-to'g'ri aytdingiz, shu narsani gapirmoqchi bo'lib turgandim. Oilada erkak ham, ayol ham juftini o'zgartirishga, o'zi istagan odamga aylantirishga urinmasligi kerak. Yonidagi insonni boricha qabul qila olganlarning oilasi, hayoti davomli bo'ladi. Bir-birovidan xato qidirib, ayblab yashash o'rtada sovuqlik paydo qiladi. O'zi shayton eng ko'p aralashadigan joy bu er-xotinning orasi ekan. O'z tajribaman kelib chiqib aytaman, arzimagan narsa tufayli hayolim buzilishi, yoki bo'lar-bo'lmasga ayolim bir hayollarga borishi mumkin. Shunday paytlari o'zimga ham, unga ham shaytonga hay ber, deb aytib turaman. Har bir narsaning yaxshi tomonini o'ylash kerak.

Sardor Rahimxon

-Agar mumkin bo'lsa, turmush o'rtog'ingiz sizning qaysi kamchiliklaringizdan ko'z yumib yashashni bo'yniga olgan?
-(Kulib) Tuzatib bo'lmas asosiy kamchiliklarimdan biri – uyquchiligim. Ayrim paytlar qizim kechasi uyg'onib bir yig'lashni boshlasa, uncha-munchaga ovunmaydi. Shunaqa paytda yostig'imni olib boshqa xonaga o'tib ketaman. Lekin bu faqat uyqudan voz kecholmaganimdan emas, rostdan ham juda charchagan, dam olmasam bo'lmaydigan holatda bo'laman. Juda ham shirinxo'rman, bilmadim bu endi kamchilikka kiradimi-yo'qmi…
-Mana siz, ota-ona tanlovi bilan turmush o'rtoq tanladingiz. Bir-birini yaxshi o'rganmasdan, bilmasdan turib ko'r-ko'rona qurilgan turmush ishonchli bo'lmaydi deb hisoblaydiganlarga qanday javob bergan bo'lardingiz?
-Birinchidan, sovchilik orqali, kattalar aralashuvi bilan umr yo'ldosh tanlashni ko'r-ko'rona deb bo'lmaydi. O'zi bilasizmi, turmush, ko'ngil masalasida biron-bir fikr bilan qat'iy xulosa chiqarish noto'g'ri. Avvalo — taqdir. Qolaversa, sevishib oila qurganlarning hayoti ko'pga bormaganiga shaxsan guvoh bo'lganman. Bu masalada chegara qo'yib bo'lmaydi. Ammo nima bo'lganda ham o'zimizga xos bo'lgan urf-odatlarimizga, ota-onam tarbiyasiga doim sodiq qolishni afzal bilaman.

Sardor Rahimxon

-Bilamizki, siz muxlislar e'tiboriga sokin, romantik ijroingiz bilan tushgandingiz. Umuman, sizga bu yo'nalish ham yarashadi, lekin oxirgi yillarda faqat milliy, sho'x taronalar bilan cheklanib qoldingiz?
-Gapingizga qo'shilaman. Ijodimdagi aynan shu kamchilikni bartaraf etish maіsadida yaqinda bir qo'shiq yozdik. Yangi yil kechasida prem'era qilingan iqtidorli bastakor Eldor Qayumov bilan yozilgan «Mohitabonim» nomli yangi qo'shig'im ham bir muncha siz aytgan yo'nalishga yaqin. Shu kunlarda milliy va zamonaviy ohanglar uyg'unligida yaratilgan mazkur taronamizga omadli hamkorimiz Narimon Sultonxo'jaev klip ishlab, efirga tayyorlayapmiz. 12 yanvar kuni radio kanallarda prem'erasi bo'lib o'tdi.
-Ba'zi tanqidiy munosabatlardan keyin so'nggi paytlarda imijingizda «plyus» tomonlama o'zgarishlarni yaqqol sezish mumkin. Kuchli mutaxassis bilan ishlayapsizmi deyman?
-Liboslar bo'yicha Dildora ismli dizayner qiz bilan ishlayapman. Ammo imijimdagi o'zgarish sababi faqat mutaxassisda emas, shunchaki o'zimning tajribam oshgan. Inson ulg'aygan sari didi ham o'sib, nima yaxshi, nima yomonligini ajarata boshlarkan. Odam yoshlikda jimjimador, yaltir-yultur liboslarga o'ch bo'larkan. Hozir iloji boricha bunaqa bachkana kiyimlardan qochishga harakat qilayapman. Besh yildan beri bitta sartarosh xizmatidan foylananib kelardim, yaqinda o'zgartirdim.
-Tubdan o'zgarishlarga qanday qaraysiz?
-Ijobiy. Sababi bu bugungi kun talablaridan biri deb hisoblayman. Shunday qilmasangiz, tezda diqqat-e'tibordan qolasiz. Ayniqsa bizning sohada!
-Reja bilan ish ko'radigan insonlar toifasidanmisiz yoki ishlaringizni yo'l-yo'lakay hal qilib ketaverasizmi?
-Reja asosida ish qilish tarafdoriman. Tavakkal qiladigan emas, yetti o'lchab keyin kesadagin vaqtim hozir.
-Duet qo'shiq kuylash bo'yicha juda sermahsulsiz. Odatda, sizga taklif qilishadimi yoki siz taklif bilan chiqasizmi?
-Har xil, gohida men, gohida ular taklif bildirishadi. Menga farqi yo'q. Agar kimning ijodini hurmat qilsam va birga kuylash istagim bo'lsa, taklif bilan chiqishdan uyalmayman.

Sardor Rahimxon

-Agar rad etishsa-chi?
-Hozirgacha menga nisbat bunday munosabat bo'lmadi. Ular ham shunday, mening rozi bo'lishimga amin bo'lib keyin taklif bilan chiqishadi..
-Sizni juda kirishimli, odamoxun deb ta'riflashadi. Tabitan shundaymisiz yoki bu «orttirilgan» xislatmi?
-Bolaligimdan shunaqaman. Turli insonlar bilan tanishishni, har xil mavzularda suhbatlashishni yaxshi ko'raman.
-Tanlashda injiqmisiz?
-Agar ijod borasida bo'lsa, juda injiqman. Chunki bu mening nonim, mening mavqeim, mening kelajagim, hayotim. Agar shunday bo'lmaganimda, bugun siz mendan intervyu olmayotgan bo'lardingiz. 
-Prodyuserlik markazingizda bo'linish sodir bo'ldi. «Bayon»ning parchalanganini qanday izohlaysiz?
-Shou-biznesda guruhlar haddan oshiq khpayib ketdi. Hatto muxlislar chalg'ib, ajratolmay qolishdi. Bir muddat ishlab ko'rdim, yigitlarning har birida alohida ijod qilishga yetarli qobiliyat, ishtiyoq bor. Ikkovi ham induvidial qirralarga ega, shunday bo'lgandan keyin ularning alohida ishlagani ma'qul deb hisobladim. Qachondir baribir parchalanib ketgandan ko'ra boshdan har biri o'z yo'lini topgani ma'qul. Ikkalasi ham markazimizda faoliyatini davom ettirayapti. 
-Bugun Dilso'z haqida juda ko'pchilik gapirmoqda, hatto Ozodbek Nazarbekov ham…
 -Ha to'Іri aytasiz, 2011 yil Dilso'z uchun kashf qilinish yili bo'ldi. 2012 yildan maqsadimiz esa Xudo xohlasa yilning eng yaxshi ayol xonandsi bo'lish.

Sardor Rahimxon

-Shou-biznesdagi vaziyat haqida qanday tahliliy xulosa qila olasiz?
-O'tgan yil haqida gapiradigan bo'lsam, «Ummon» guruhi porlab chiqdi. Qo'shiqlari saviyasiz, professonallik yo'q deb gapirilayotgan bo'lsa-da, bolalarning yuragi toza, samimiy va bu ularning ashulalarida yaqqol seziladi. Shuning uchun ham guruh tez fursatda minglab tinglovchilarini topgandir. Munisa Rizaeva ham yaxshi chaqnadi. Keyin 2011 yilda suratgan olingan kliplar sifati, mazmuni ancha ko'tarildi. Bu borada har yilgidan ancha yaxshi natijani kuzatish mumkin. Afsuski, kinolarga kelganda bunday to'lqinlanib gapira olmayman. «Aldangan ayol», «Farzandim» yana bir-ikkita filmlarni aytmaganda unaqa yaxshi kinoasarlarni ko'rmadim. Yilning eng katta «minus»i, «plagiatorlik» (o'g'irlangan qo'shiqlar) ommalashdi. Eng yomoni, ashulaning ko'chirilgan ekanini bilib turib ham muxlislar olqishlashda davom etishmoqda. Bu esa «ko'chirmachi»larga yanada ilhom berayapti. Alam qiladi-da, bu yoqda san'atkorlar qancha mehnat, pul sarflab original qo'shiqni xalqqa yetkazaman deb ovora bo'lsa-yu, kimlardir xorij xonandalarining tayyor xit-taronalarini olib arzimagan xarajat qilib ommaga taqdim etishayapti. Shu xunuk tendensiyaning barham topishini istagan bo'lardim.

Intervyudan tashqari fikrlar:
-Oila — bu kichkina davlat. Har bir davlatning o'z konstitutsion qonunlari bo'lganidek, har bir oilada ham bunday qoida-qonunlar bo'lishi kerak. Hech qayerda yozilmagan bo'lsa-da.
-Ijod — san'atkor uchun go'yo ovqatday gap. Agar ijod qilmay qo'ysa, tushkunlikka tushib hayotdan uzilib qoladi.
-Tushkunlikka tushish – erkak kishining ishi emas! To'g'ri, ichida siqilishi, xafa bo'lishi mumkin, erkak ham odam, robot emas, ammo buni atrofidagilarga sezdirishi yarashmagan ish bo'ladi.
-Hozir ayni mehnat qiladigan, izlanadigan, tinib-tinchimaydigan davrim. Shu sabab doim izlanishdaman. Endi nafaqat o'zimning, balki farzandim, kerak bo'lsa bir kun dunyoga keladigan nabiralarimning kelajagi uchun qayg'urishim kerak!

O'zi haqida:
- Uyda o'z ismim bilan chaqirishadi.
- Tabiatan romantikman, yoshligimda juda arazchi hamda urishqoq bola bo'lganman
- Tv va radio xobbi edi…
- Ovqat pishirishni yoqtiraman: dimlama, osh, qovurma lag'mon…
- Yangi tanishlar orttirishni yaxshi ko'raman,
- Eng katta orzuim — dunyo bo'ylab sayohat qilish.
- Odam ko'p joylarni yoqtirmayman, biroq yuzma-yuz bo'lganda ko'proq ochilaman.


Sitora Alixonzoda suhbatlashdi.


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 345 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *