Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
11 Apr, 2006

Sardor Rahimxon bilan eksklyuziv suhbat!

Sardor Rahimxon“Tarona taqdimoti 2006”ga yaxshi niyat va ilinj bilan tashrif buyurgan Sardor Rahimxon “Yil yangiligi” nominatsiyasi bo’yicha qo’lga kiritgan mukofotini onasiga topshirar ekan, onasini sevinch yoshlarini ko’rib hayajonlarini ommadan yashira olmadi…

-  Sardor, “Ishonmasman” qo’shig’ingiz qisqa vaqt ichida el og’ziga tushdi. Qo’shig’ingizning shu darajada hit bo’lishini kutganmidingiz?
Yo’q, kutmagan edim. Lekin shunday bo’lishini juda ham xohlaganman. Orzu qilganman. Bu, balki, o’sha 9 oy davomida qilingan mehnatning, ehtimol, o’z ishining ustalari(Oxunjon Hakimov sh’eri, Iqbol Muhammadjonov musiqasi, Jakhongir.uz aranjirovkasi) qilgan mehnatning samarasidir. Chunki, o’ylashimcha, qo’shiqning muvaffaqiyatli bo’lishiga birgina xonandaning mehnati kifoya emas. Qo’shiq butun bir ijodiy guruhning yakdilligi mevasidir.Bu qo’shiq 2005 yil yanvar oyida tayyor bo’lgan ekan. Nega qo’shiq premerasi bu qadar cho’zilib ketdi?
- Bu menga bog’liq bo’lmagan ba’zi sabablarga borib taqaladi. Bularni aytib o’tirishim shart emas. Lekin shu o’tgan muddat faqat mening foydamga hal bo’ldi, deb o’ylayman. Boisi, mana shu vaqt mobaynida xatolarim ustida ishladim. “Ishonmasman” qo’shig’ining nolasini o’zimga singdirishga, yurakka joylashga harakat qildim.
Bu esa qo’shiq muvaffaqiyatiga poydevor bo’ldi.
“Ishonmasman” yangradi-yu, Sardor Rahimxon kerakli odam bo’lib qoldi. Avvallari sizni tan olmagan insonlar ham hozir atrofingizda…
- Bu narsani men tabiiy holat deb bilaman. Va bu narsa vaqtinchalik ekanini ham tushunaman. Bugungi mashhurligimdan kelib chiqib, ertangi kunimni belgilamayman. Chunki bu o’tkinchi! Har doim ham bu darajadagi hit qo’shiqlar yaratavermasligimni ham bilaman. Odamlar e’tiborida ekanman, har bir qadamimni o’ylab bosishim, muxlislarim ishonchini oqlashim, ular mendan kutayotganlarini qo’ldan kelgancha yetkazib berishim kerakligini ham tushunib turibman.
“Vodiy sadosi” radiosining “Milliy hit-parad” dasturida besh hafta peshqadamlik qilibsiz, bu tahsinga loyiq, albatta. Lekin “Sardor Rahimxon hit-paradlarda g’olib bo’lish uchun tanish-bilishlarini ishga solar ekan”, degan gaplar ham yuribdi. Siz bunga qanday qaraysiz?
- Shirin G’ofurova bilan shu hit-paradda birinchi o’rinni egallaganimdan so’ng tanishdim. Qolaversa, bu hit-paraddagi SMSlar butun O’zbekiston bo’yicha qabul qilinadi. Bilishimcha, menga yo’llangan SMS ovozlarning 95%i viloyatlardan ekan. Demak, hech qanday tanish-bilishchilikka o’rin yo’q. Toshkentlik bo’lganim uchun ham bu meni juda quvontiradi. Ayniqsa, Vodiyda “Ishonmasman” qo’shig’i “Yil qo’shig’i” deb tan olinganida boshim osmonga yetdi.
“Ishonmasman” taronasining klipi qo’shiq ommalashib ketganidan so’ng suratga olindi. Demak, qo’shiq muvaffaqiyati klipga bog’liq emas ekan-da?
- Ha, to’g’ri! Boshida klipni suratga olishga mablag’im bo’lmadi. Aslida niyatim qo’shiq va klipni bir vaqtda ham radio, ham TVga berish edi. Qo’shiq muvaffaqiyati klipda, reklama uchun sarf qilingan pulda yoki tanish-bilishda emasligini endi tushunib yetdim.
SMS… Bu atama sizga boshqalardan ko’ra ko’proq mazmunni anglatadi chog’i?
-Albatta. Men suratga tushayotgan kinofilmning qisqacha nomi ham – “SMS” (“Sen meni sevasanmi?”). Filmda bosh rolni ijro etyapman. Bu kinoda suratga tushishimning asosiy sababi, bu scenariy va professional suratga olish guruhi yig’ilganligi. Film iste’dodli aktyor Sohib Abbosxonning ilk rejissorlik ishi. Bilmadim, bu qarorim qanchalik to’g’ri bo’ldi. Lekin shu paytgacha menga hech pand bermagan yuragimga quloq soldim. Albatta men professional aktyor emasman. Ammo hammasi yaxshi bo’lishi uchun bor kuchimni ishga solyapman. Aytmoqchi, muxlislarlarim intizorlik bilan kutgan yangi qo’shiqlarim ham aynan shu filmda ikkita asosiy saundtrk bo’lib yangraydi.
Filmning voqeliklariga ham ozgina to’xtalib o’tsangiz…
- Qahramonimning ismi – Baxtiyor. Kinoning asosiy g’oyasi muhabbat, do’stlik, xiyonat, vafo, sodiqlik, sotqinlik, va ona mehri. Albatta suratga olish jarayonida menga o’z ishining ustalari bo’lgan aktyorlar, jumladan, Saida Rametova yordam beryaptilar. Kino bu qadar qiyin va mashaqqatli ish ekanligini men endi his qilyapman. Bir yarim soat ichida ko’z oldimizdan o’tib ketadigan voqea-hodisalar aslida juda katta umidlar, ijodiy guruh, mablag’ va mehnatning samarasi ekanligini biz oddiy tomoshabinlar bilmas ekanmiz. Yoshligimda o’zimni aktyorlikda sinab ko’raman, deb orzu qilganman. Xudodan so’rayman, bu qadam ham qutlug’ bo’lsin.
“Tarona-2006”da nomzodgina bo’lib qolib ketishdan cho’chimadingizmi?
- Men bu mukofotni olmaslikka tayyor edim. Albatta niyat qilganman olishni. Biroq bu bo’lmay qolsa, bu men uchun hayot va mamot masalasi emas edi. Chuki, bu narsani men emas, balki, xalqning fikri va hay’at a’zolarining ovozi hal qiladi. Men ularga ishonardim. Qolaversa, muxlislarim mehr-muhabbatiga…
Mana siz san’atga kirib keldingiz. Odamlarga bo’lgan fikringiz-munosabatingiz o’zgarmadimi? Umuman o’zingizda biror narsa o’zgarganini his etdnigizmi?
- Birinchi navbatda borimni qadrlashga o’rganyapman. Oilam, yaqinlarim qanchalik menga kerak ekanliklarini his qilyapman. Odam qanchalar tuban va naqadar buyuk bo’lishlari mumkin ekanligini ham ko’rmoqdaman. Shukurki, oxir-oqibat, hammasi yaxshilik bilan tugaydi. Asosiysi, ko’ngilni pok qilish kerak ekan. Sevishdan, atrofdagilarga ezgulikni ravo ko’rishdan cho’chimaslik kerak.
Bugun “Ishonmasman”ni tinglashyapti. Ertagachi? Birdaniga ko’tarilgan reytingiz kutilmaganda tushib ketishidan cho’chimaysizmi?
- Yo’q, shunday bo’lmasligi uchun astoydil, g’ayrat bilan yangi qo’shiqlar tayyorlayapman. Ozmi-ko’pmi muxlislarim, yaqinlarim bor. Ular meni qo’llab turishadi. Ularning borligi menga intilish va ilhom bag’ishlaydi.
Yaxshi kunlaringiz uchun kimda minnatdorsiz?
- Meni voyaga yetkazgan ota-onamdan, men uchun jonini ham berishga tayyor bo’lib turgan do’stim Ulug’bekdan, menga otamdek bo’lib qolgan Oybek aka Alievdan, o’zlarining beminnat yordamlarini ayamayotgan Feruza opa Nodirovadan, “Pan Terra Studio”dan, meni baxtli ko’rishni istayotgan har bir odamdan va meni yashash uchun undayotgan g’animlarimdan…


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 57 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *