Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
20 Mart, 2006

Rayhon: “Meni tushlar ta’qib qilmoqda”

RayhonO’zbek estradasining eng chaqnoq yulduzlaridan biri sanalmish Rayhon o’z an’anasiga sodiq qolgan holda bu yil ham romantik bayram – “Sevishganlar kuni” munosabati bilan 12-13-14 fevral kunlari soat 19:00da “Xalqlar do’stligi” saroyida o’zining yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi. Bu yilgi konsert “Yolg’izim” deb nomlanib, avvalgi konsert dasturlaridan mutlaqo farq qildi.

- Rayhon, nega har yili aynan “Sevishganlar kuni”da konsert dasturingizni taqdim etasiz?
Rayhon: Chunki, ushbu romantik bayram o’zimga ham juda-juda yoqadi. O’zim romantikani xush ko’rganim uchun ham qo’shiqlarimning aksariyati sevgi, muhabbat haqida. Sevgi-muhabbat – bu buyuk tuyg’u!
- Yangi albomingizdagi qo’shiqlar qaysi bastakor va shoirlar ijodiga mansub?
Rayhon: She’rlarning aksariyatini Ra’no Yarasheva yozib berdilar. Shuningdek, Shirin G’ofurova hamda Ibrohim Jiyanov yozgan she’rlaridan ham foydalandik. Musiqalarni esa o’zim yozdim.
- Oldingi yil konsert arafasida uyushtirgan suhbatimizda siz tushingizda ham konsert dasturingizni ko’rib chiqayotganingizni aytgandingiz. Qiziq, bu yil ham shunday tushlar ko’rmadingizmi? Rayhon: Bu yil ham tushunarsiz tushlar ko’rdim. Konsert dasturim yozgi saroyda bo’layotgan ekan, qarasam, sahnada Tohir Sodiqov kuylayapti. Rosa xafa bo’lib, nega bunday bo’layotganini so’rasam, bu hazil edi, deyishdi. Xullas, tushunarsiz tushlar meni ta’qib qilishda davom etmoqda.
- Nazarimda, hozir erkak xonandalarga nisbatan ayol xonandalar orasida raqobat kuchaygandek. Sizning bunday raqobatga munosabatingiz qanday?
Rayhon: To’g’ri, so’nggi paytlarda estrada olamida yosh ayol xonandalar soni ko’paygan. Men bu holni mamnuniyat ila qarshilayman. Agarda ular yaxshi ijod qilayotgan bo’lsa, men ularni qo’llab-quvvatlayman. Raqobat har doim bo’lgani yaxshi. Shunda bir oz to’xtalib qolgan xonandalar ham ijod qilishni boshlaydi. Men hech kimni o’zimga raqobatchi, deb bilmayman. Va hech kimga raqobatchi bo’lishga harakat ham qilmayman. Faqat o’z ishim bilan, ijod bilan band bo’laman.
- Rayhonning duetdoshlari safi qachon kengayadi?
Rayhon: O’tgan 2005 yil mobaynida duet ijro etishga takliflar juda ko’p bo’ldi. Agarda menga ijro etiladigan qo’shiqning so’zi va musiqasi yoqsa, duetdoshim kim bo’lishining farqi yo’q. Uning reytingiga qaramayman.
- So’nggi kliplaringizni asosan yosh klipmeyker Jasur Shametovga oldiryapsiz. Bundan kelib chiqadiki, uning ijod mahsullari sizni qoniqtiradi?
Rayhon: Jasur juda ham iqtidorli yigit. Uning ishga bo’lgan qarashi, munosbati meniki bilan mos tushganligi bois hamkorlik qilayapmiz. “Hech ayirilma”, “Qayta olmayman”, “Xo’p, mayli”, “Yodingdami?…” kabi qo’shiqlarimga ishlangan kliplar ko’pchilikka manzur bo’lyapti. Jasurda o’ziga xos zamonaviy nigoh bor.
- “TV-Markaz”da namoyish etilgan “Yangi yil parisi” nomli musiqiy filmda ajoyib rol ijro etdingiz. Endi muxlislar sizni haqiqiy badiiy filmda ko’rishni istashmoqda.
Rayhon: “Yangi yil parisi” filmida deyarli rol ijro etgan emasman. U faqatgina yangi yil uchun tayyorlangan musiqiy film edi va boshqa ko’plab san’atkorlar singari men ham kichik bir rolni ijro etdim. Badiiy filmlarga keladigan bo’lsak, takliflar bor. Men esa kutyapman. Yaxshi bir scenariyni uchratsam, barcha ishlarimni bir chetga surib qo’yib, suratga tushardim. Men shunchaki rol o’ynayman. Avvaliga aktyorlik mahoratlari bo’yicha kerakli darslarni olaman. Hozircha men yaxshi professional ijodiy guruhni kutyapman. Hatto yaxshi ijodiy guruh tuzib, film suratga tushirishni o’zimcha o’ylab ham qo’yganman.
- Shaxsiy hayotda qanday yangiliklar…
Rayhon: Hech qanday…

Mirtohir Mirg’ulomov suhbatlashdi.


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 828 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *