Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
12 Okt, 2008

Rayhon lo’lilar orasida ham mashhur!

RayhonSB.uz portalining «Intervyu» bo’limi ancha paytdan beri yangi intervyular bilan boyitilmayotgan edi. Endilikda iloji boricha estradamizning yulduzlari bilan intervyu uyushtirib sizlarga havola etib borishga harakat qilamiz. Ilk suhbatdosh go’zal Rayhon! U hozirgi kunda juda sermahsul ijod bilan shug’ullanib kelmoqda. Ko’plab muxlislarning talab va istaklarini inobatga olgan holda ajoyib ovoz sohibasi Rayhon bilan dildan suhbatlashishga chorladik. Suhbatimiz poytaxtimizda joylashgan “Karavan” nomli restoranda bo’lib o’tdi…

– Ko’plab insonlar mashhurlarning bolalik damlari qanday o’tganligiga juda qiziqishadi! Sizning bolalik davringiz qanday kechgan?
– To’g’risi aytsam, menda noodatiy holatlar bo’lmagan. Yoshligimda esda qolarli biror neobichniy voqealar bo’lgan deb ayta olmayman. Men musiqa maktabida tahsil olganman. O’quv jarayoni judayam qattiq bo’lgan. Kunning birinchi yarmida umumiy ta’lim fanlari o’qitilgan bo’lsa, ikkinchi yarmida esa, amaliy fanlar o’tkazilardi. Ular juda ham ko’p edi. Oddiy o’quvchilarda 8dan 14gacha dars o’tiladigan bo’lsa, menda 8dan 18gacha edi. Shu sababli ham ortiqcha vaqt bizda yo’q edi. Bilasizmi, hatto ko’chada aylanib yurishga ham vaqt topa olmasdim. Men o’ylaymanki, bolalik damlari bo’lmagan bola hisoblansam kerak.
– Qo’shiqchi bo’lishingizga onangiz qanday munosabat bildirganlar? Umuman qo’llab-quvvatlaganmilar?
– Onamlar avvaliga qarshi bo’lganlar. Ularning o’zlari ijodkor inson bo’lganliklari uchun qanchalik qiyin kasb ekanligini biladilar. Chunki men musiqa maktabidan so’ng, Jahon tillar institutiga o’qishni davom ettirish uchun kirgandim. Shu sababli ham onamlar o’zimning soham bo’yicha ketishimni istaganlar. Mening qarorim qat’iyligiga ishonch hosil qilganlaridan so’ng o’z roziliklarini berganlar. Ilk qadamlarimni tashlashimda ham ularning hissalari juda yuqori.
– Keling endi bevosita Hindiston davlatiga tashrifingiz haqida to’xtalib o’tsangiz?
– Ochig’ini aytsam, men dam olish uchun emas, balki oilaviy ishlar yuzasidan dyadam bilan bordim.
– Necha kun u yerda bo’ldingiz? Taasurotlaringiz…
– U yerda biz 4 kun bo’ldik. Men hind filmlarini tomosha qilib, Hindiston davlati haqida umuman o’zgacha tasavvurda edim. Etmoqchimanki, tabiati go’zal, hammayoq ko’m-ko’k va hind ayollari chiroyli sarilarda yurishadi deb bilardim. Ammo men haqiqatni o’z ko’zim bilan ko’rganimda, shok holatiga tushib qoldim. Lekin haqiqatda esa, umuman boshqacha ekan. Mana ichkaridan tashqariga chiqqaningizda noqulay hid dimog’ingizga uriladi va men shu zahotiyoq ona Yurtim Toshkentga qaytib kelishni xohladim. Menimcha u yerda tug’ilib va o’sha yerning shart-sharoitiga ko’nikish kerak. Birinchidan, Hindistonda namlik o’ta yuqori va ob havo juda issiq. Shu sababli ham nafas olishga inson qiynaladi. Huddi saunada yurgandek his qilishi tabiiy.
– Sizga beriladigan qanday ta’riflarni yoqtirasiz?
– Bilasizmi, men biror ishni qilishim uchun, menga o’zim haqimdagi chiroyli ta’riflarni aytib turishlari kerak. Ba’zi insonlar men Rayhonni urushsam, u bundanda yaxshi ijod qiladi deb o’ylashadi. Lekin bu noto’g’ri! Meni urushsalar umuman hech narsa qilgim kelmaydi. Uyda ham biror ishni juda yaxshi bajaribsan deb ta’riflashsa, menda yanada ko’proq ishlash ichun xohish uyg’onadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Rayhon G’anieva bilan kechgan suhbatimiz poytaxtimizda joylashgan “Karavan” restoranining tashqari hovlisida bo’lib o’tayotgan edi. Suhbatimiz shu yerga yetganida ko’chadan bir nechta tilanchi lo’lilar, bolalari bilan o’tib qoldi. Shu zahoti Rayhonning oldiga kelib: “Rayhona ozgina sadaqa qiling” deb qolishdi. Shunda Rayhonning prodyusseri lo’lilarni chetga olib chiqarib yubordi. Shunda lo’lilar, Rayhon, Rayhon Shahzoda qani deb ketishdi…
– Rayhon, qarang hatto lo’lilar orasida ham mashhur ekansiz?
– …
– Shou-biznes olamida sizga nima yoqmaydi?
– Ichida demoqchimisiz yoki umumanmi?
– Shou-biznes olami ichida demoqchiman!
– To’g’risi aytsam, shaxsan men g’arb yoki Rossiya davlati shou-biznes olamini kuzatsam, ular bir-birlari bilan juda ham inoq do’st ekanliklarini uchrataman. Ular konsertlarda va boshqa uchrashuvlarda o’zlarini qo’llab-quvvatlab turishadi. Menimcha bizning shou-biznesda xonandalar ana shunday do’stlik aloqalari yo’q! Bu yaxshi emas albatta. Chunki biz bir oila a’zolarimiz. Ba’zi xonandalar hatto umuman salomlashmaydilar ham. Qiziq konsertlarda kelganimizda, asosan hozirgi kunda san’at olamiga kirib kelayotgan yoshlar boshqalar bilan aloqa qilmaydilar. Siz kulib turasizku, lekin ular beparvo o’tib ketadilar. Shu holatlarda o’zimni noqulay his qilaman. Bu o’zbek shou-biznes olamining salbiy tarafi deb bilaman.
– Do’stlik yo’q deb aytib o’tdingiz. Lekin o’zbek shou-biznesida Sardor Rahimxon va Ulug’bek Rahmatullaevlar bir-birlari bilan do’stlarku?
– Men aniq aytayotganim yo’q. Shunchaki men umumiy qilib oldim. Hamma xonandalar yig’ilib u yoq bu yoqlarga borishmaydi.
– Elga mashhur insonlar oldida har doim mish-mishlar aylanib yuradi. Siz ham bundan mustasno emassiz! Sizni necha marotabalab o’ldiga chiqarishgan edi…
– To’g’ri. Meni 3 marotaba dafn qilishgan. Bir safar shu kabi mish-mish butun respublika bo’yicha tarqalgan edi. Hatto odamlar mening dafn marosimimda bevosita ishtirok etishgan ekan, ba’zilar esa, oshda kelishgan. “Shaxsan men o’zim shu yerda bo’ldim, Rayhona o’ldi” deganlar ham bo’ldi. O’zim haqimda qanchalik kam ma’lumotlar chiqarsam, shunchaki ko’p mish-mishlar chiqishiga amin bo’ldim.
– Yana sizning oldingizda shunday mish-mish yuradiki, go’yo Rayhon bedavo dardga chalingan. Hatto qonini tez-tez almashtirib turadi deyishadi…
– Har xil mish-mishlar bor! Menda miya raki, qon raki… Lekin bularning barchasi quruq mish-mish xolos…
– So’nggi marotaga kim bilan janjallashib qoldingiz, kelishmay qoldingiz?
– Men umuman janjalkash inson emasman. Agarda kimdur bilan kelishmay qolsam, biror bir yo’l bilan chiqib ketishga harakat qilaman. Shu paytdan e’tiboran, bu inson men uchun yo’q va umuman gaplashmayman.
– Shunday holat kim bilan bo’ldi?
– 3 – 4 ta odam bilan shunday bo’lgan. Bularni aytib o’tirish shart emas. Shunchaki ular bilan boshqa gaplashayotganim yo’q. Men hech qachon urushib janjal chiqarib o’tirmayman. Men o’ylaymanki, bu mening nije moyevo dostoinstvo!
– Nabodo sizning mobil telefoningizga qo’ng’iroq qilishsa, siz o’ta qo’pol muomalada bo’lasiz! Bunga o’zim ham guvohi bo’lganman. Sababi nimada? Bu bilan siz o’z muxlislaringizni ranjitasiz…
– Men umuman begona telefon raqamlariga javob bermayman!
– Nima sababdan shunday qilasiz?
– Mana misol uchun bugun ertalabgacha menga 86 ta qabul qilinmagan qo’ng’iroq bor edi. Shu holatda o’zingizni odatiy tutasizmi? Agarda sizga har soniyada qo’ng’iroq qilishsa. Bu o’ylagandan ham qiyin. Men ham insonman. Menda ham asab bor. Sizga bir misol. Masalan Jasur Shametov: U bilan birga o’tirib klipni muhokama qilayotganimizda, shu paytda kimdur unga telefon qilishni boshladi. Nima sababdan asabiylashasan hozir javob beraman dedi. 10 daqiqadan so’ng esa, hozir men seni topaman deb baqirdi. Xullas men begona telefon raqamlariga javob bermayman…
– Sizning nazdingizda ideal o’zbek ayoli qanday bo’lishi kerak?
– Men o’ylaymanki ideal inson hayotda yo’q! Baribir biz hammamiz insonmiz to’g’rimi?!
– Ha!
– Ba’zilar ayollar ishlamasdan uyda o’tirishlari kerak deb hisoblaydilar. Lekin men bunga qarshiman. U ham inson. U ham ishlashi mumkin. Har bir ayol baxtli oila qurib, bir-biridan shirin farzandlar ko’rishni orzu qiladi. O’z yorining gapiga quloq solishini to’g’ri deb bilaman.
– Biror bir asar o’qiyotganingizda qahramon o’rniga o’zingizni qo’yganmisiz?
– Ha har doim (Miriqib kuladi)! Agar yaxshi yozuvchi bo’lsa, u o’z kitobxonlarini bosh qahramon o’rniga qo’ydira oladi. Shundagina u yaxshi yozuvchidir. Agarda bu holat bo’lmasa, demak u unchalik ham yaxshi yozuvchi emas.
– Eng ohirgi o’qigan asaringiz?
– Men hozirda qandaydir melodrama o’qiyabman.
– Kimning asari u?
– Men ko’p o’qiganligim uchun, ba’zida o’qiyotgan kitobimni men buni o’qigandimku deb o’ylab qolaman. Bu kitobda qanday voqea bo’lgandi deb, men chalkashib ketishni boshlayman. Hozir o’qiyotganim tarixiy roman hisoblanadi. Umuman olganda asardagi hamma qahramonlar to’qima. Syujet bo’lsa, insonni o’ziga jalb qiladi.
– Hayotingiz davomida necha marotaba narsa yo’qotgansiz? Yoki o’g’rilashganmi?
– Yangi yil oldidan mashinamni olib qochishgan, pulimni olib qo’yishgan…
– Qachon bo’lgan?
– 1 yoki 2 yil avval bo’lgan edi. Bunday holatlar barcha insonlarda bo’lishi tabiiy. Endi nima qilasiz… Hech narsa. Lekin hudoga shukurlar bo’lsinkim, bunday holatlar kamdan-kam holda bo’ladi.
– Sizga buni qil uni qilma deganlarga qanday javob qaytarasiz?
– Kim aytayotganligiga bog’liq!
– Umuman olganda…
– Yo’q. Baribir kim aytayotganligi men uchun ahamiyatli. Onam yoki meni yaxshi biladigan prodyusserim gapirayotgan bo’lsa ularni gapini yerda qoldirmayman. Umuman olganda, hammaning gapiga oz bo’lsada quloq solaman.
– “Kechir…” filmidagi kabi po’pisa qilish haqidagi anonim xatlar olganmisiz yoki telefonlar bo’lganmi?
– Ha bo’lgan! Meni bir ayol kuzatib yurgan. U ayoldan men juda qo’rqganman. Hatto o’sha ayol men qayerda ishlashim va uyimni bilib olgan edi. Har xil qo’rqituvchi va cho’chituvchi xatlar yozardi. Keyin biz IIV ga xabar qilishga majbur bo’ldik. Chunki uning qilayotgan xatti-harakatlariga chidab bo’lmay qolgandi. IIV hodimlari uning aqlan zaif ekanligini va psixiatriya kasalxonasida ro’yhatda turishini aniqlashdi. Ular u ayolga umuman Rayhonga yaqinlasha olmaysiz deb tushuntirish ishlarini olib borishganligidan so’ng, ayol tinchib ketdi.
– Shaxsiy avtomashinangizni boshqarayotganingizda yo’l harakati qoidalariga buzgan paytlaringiz bo’lib tursa kerak. Bunga DAN hodimlari qanday munosabat bildirishadi?
– DAN hodimlari menga juda yaxshi munosabatda bo’lishadi.
– Tez-tez bo’ladimi?
– Yo’q! Hujjatlarni tekshirgani to’xtatishganida, Rayhon sizmisiz deb hursand bo’lishadi. Har doim shirin so’z va yaxshi muomalada bo’lishadi. Ularga ham o’zimning minnatdorchiligimni bildiraman. Chunki meni tushunishgani uchun. Ular har doim qo’yib yuborishadi. Yana bir voqea bo’lgandi. Voy kechirasiz biz sizni tanimabmiz, bo’lmasa to’xtatmagan bo’lardik deb ham aytishgan.
– Yana filmlarda suratga tushish niyatingiz bormi?
– Takliflar tushib turibdi. Lekin men hali o’zimga mos keladigan ssenariy topganim yo’q.
– Sizni aldash qanchalik oson…
– To’g’risi aytsam, tez-tez aldanib turaman. Chunki men tabiatan ishonuvchan insonman. Lekin bunday bo’lish kerak emas. Insonlarga o’zingni qancha yaqin tutsang, shuncha seni aldab ketishadi. Bilmadim, balki hayot juda qahirlidir!
– Ko’proq qanday kayfiyatda yurasiz?
– Bilmadim, menimcha yaxshi!
– Quvnoqmi?
– Yo’q quvnoq emas. Nu takoy adekvatniy! (Kuladi).
Muxlislaringizdan olgan eng aziz sovg’angiz?
– Menga bir qiz shunday xat yozganki, unda she’r yozilgan edi. Vertikal va diagonaliga Rayhon deb o’qish mumkin edi. Keyin u qiz hatto meni ijroimdagi barcha-barcha qo’shiqlarning matnlari erinmasdan yozib chiqqandi. Shu paytgacha bu xatni men saqlab kelmoqdaman. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, bu qiz nafaqat radio yoki TV orqali kuzatmagan, balki barcha tomonlama mening ijodimni bilishiga qoyil qolganman. Bu albatta meni juda quvontirgan.
– Rayhon siz hech qarzga pul berganmisiz? O’zingiz kimdan qarz olgansiz?
– Umuman olganda hech kimdan qarz olmaslik va bermaslikni tushunib yetdim.
Shu paytda Rayhonaning mobil telefoni tinmay jiringladi.
– Mana ko’ryabsizmi, qanchalik telefon jiringlashini? Buni yaxshi deb o’ylaysizmi?
– Bu sizning muxlislaringizmi?
– Men bilmayman. Agarda menga tanish bo’lmagan raqam bo’lsa, men umuman go’shakni ko’tarmayman (Va yuqoridagi savolga javob berdi). Chunki qarz berganingizda, uni qaytarib olayotganingizda huddi begonaning puli kabi olasiz!
– Siz kimgadur qarz berganmisiz?
– Ha! Shunchalik qarzini cho’zib yurganidan keyin, mayli o’sha pulni qaytarmay qo’yaqol deb kechganman. Chunki ular o’zlarini shunday tutishadiki, qaytarib olgingiz ham kelmaydi.
– Kelajagingizni qanday tasavvur qilasiz?
– Men fol ochmayman! Chunki ertaga nima bo’lishini faqat Alloh biladi. Men albatta reja qilganman. Lekin yaqin kelajakni reja qilganman. Nima bo’lsa shu bo’ladi!
– O’zbek shou-biznesida kimning qo’shiqlarini tinglaysiz?
– Umuman olganda bizning shou-biznesimiz yuqori cho’qqida deb o’ylayman. Masalan, Markaziy Osiyo miqiyosida qaraydigan bo’lsak, bizning shou-biznes eng yaxshi va eng yorqini hisoblanadi. Chunki men Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston shou-biznes olami bilan juda yaxshi tanishman. Lekin shunisi achinarliki bizning ko’plab iste’dodli bastakor, xonanda va shoirlarimiz boshqa chet mamlakatlariga butunlay ketib qolishdi. Bunga qaramasdan bizning shou-biznes o’zining yuqori mavqe’ini saqlab kelmoqda. Bizning xonandalarimiz ham juda samarali ijod qilib kelishmoqda. Men shaxsan Sardor Rahimxonni, Nilufar Usmonovani, Rashid Xoliqovni va boshqa ko’plab xonandalarning ijodlarini kuzatib boraman.
– Hayotingizda adolatsizliklar bo’lib turadimi?
– Ha albatta bo’lib turadi! Bu hayot. Bunday hodisa barchada bo’lib turishi odatiy holat hisoblanadi. Bundan himoyalanib bo’lmaydi menimcha. Bir xil insonlar gapirishadi: Alloh nima uchun bunday qilasan deb. Agar senga shu narsa berilgan ekanmi, demak shu narsa kerak deb bilaman. Hech narsa o’z o’zidan bo’lmaydi deb bilaman. Hayotni tushunish va uning qadriga yetish uchun beriladi!
– Shaxsiy hayotingiz haqida ham to’xtalib o’tsak, Qachon turmushga chiqasiz? Sovchilar kelib turibdimi? Ahir vaqt o’tib bormoqda…
– Ko’pchilik kelmoqda. Lekin… Men bu insonlar bilan uchrashmaganman. Onamlar va qarindosh urug’larimiz bu haqida aytishadi. Ammo men o’sha insonni uchratganim yo’q. Men unga qaraganimda, o-o-o men bu inson bilan butun umr yashashni istardim deganim yo’q. Turmush qurib va bir necha oylardan so’ng ajrashib ketish bu bir tomondan yomon bo’lsa, ikkinchi tomondan esa, juda qiyin. Agar turmush qursang bu umringning ohirigacha deb bilaman. Lekin men ishonamanki, uchratgan insonim meni har tomonlama tushunadigan va ardoqlaydigan inson bo’lishini bilaman.
– So’nggi so’z sifatida…
– Men hammaga yaxshilikni tilayman. Har doim insonlar bir-birlariga chiroyli muomalada bo’lishlarini xohlardim. Hamma sevib va sevilishini va buning issiq taftini his qilishlarini istardim. Hammaga sof muhabbatni tilayman. Qanday bo’lsa, shundayligicha albatta. Agar inson sevgan yoki sevilgan bo’lsa, u hayotga boshqacha ko’z bilan qaraydi.

Suhbatdosh: Durbek SHOFAYZIYEV.

P.S.: Yuqorida bayon qilingan suhbat avtorlik huquqi bilan chegaralangan. Ushbu suhbatdan to’liq yoki qisman foydalangan matbuot nashrlari aniqlansa, ular javobgarlikka tortiladi.


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 255 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *