Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
25 Okt, 2009

«Janob hech kim»da Alisher Uzoqovning hissasi yo'qmi? (To'liq suhbat)

Alisher UzoqovHindistonda kuniga 3 ta film suratga olinadi. Hind kinosanoati shu uchun ham dunyoda yetakchi o'rinda turadi. Ammo son boshqa sifat boshqa. Hind kinosanoati tomonidan ishlab chiqariladigan yillik mahsulotning nari borsa 10 tasi «Eng yaxshi» degan nomga sazovor bo'lishi mumkin. Gapni cho'zib nima qildik, bugun o'zbek kinosanoati ham jadallik bilan ilgarilab bormoqda. Ayniqsa, shu oy haftasiga ikki-uchtadan film premeralari bo'lib o'tganidan aytish mumkin-ki, rejissorlarimiz qo'l qovushtirib o'tirganlari yo'q va bunday qilolmaydilar ham…

Chunki… bugun raqobat bor, kuchli raqobat. Darhaqiqat, dastlabki vaqtlarda filmlarga faqatgina jozibador ayol xonandalaru kelishgan qo'shiqchi yigitlarni taklif etish «urf»ga kirgandi. Ammo kinoning ommabop bo'lishi uchun birgina husn bilan ish bitmasligini rejissorlarimiz anglab yetishdi. Shu bahona o'zbek kinosida Ulug'bek Qodirov, Farrux Soipov, Alisher Uzoqov, Dilnoza Kubayeva, Jamila Fofurova, Gulchehra Eshonqulova, Asal Shodiyeva kabi yangi iste’dodlar kashf qilindi, kashf qilinmoqda. Ammo…
Bugun gap rejissorlarning «kashfiyot»lari haqida bormaydi. Bugungi maqolamizni yoritishga bir aktyor, yanayam aniqrog'i, Alisher Uzoqovning telefon qo'ng'irog'i turtki bo'ldi. Gap shundaki so'nggi haftada matbuotda Alisher Uzoqov haqida bildirilgan ba’zi bir fikrlardan keyin aktyor chuqur tushkunlikka tushib qolgan. «Janob Hech kim» muvaffaqiyatida salgina bo'lsa-da hissam bor deb o'ylardim, matbuotda men haqimda bildirilgan noo'rin fikrlardan keyin nahotki shu filmga ozgina bo'lsa-da mehnatim singmagan bo'lsa, nahotki… degan savollar girdobida qoldim. O'sha fikrni bildirgan odamga hech qanday e’tirozim yo'q, lekin aktyor haqida yaxshimi-yomonmi gap aytishdan oldin uning ijodini chuqur tahlil qilish va eng muhimi bu sohada professional bo'lish kerak, deb hisoblayman» deydi Alisher Uzoqov.
Darhaqiqat, aktyorning darajasini 2-3 ta odam emas, balki filmlarni tomosha qiladigan millionlab muxlislar belgilab berishadi. «Janob Hech kim»ning muvaffaqiyatida Alisher Uzoqovning o'rni qay darajadaligi, qolaversa aktyorning e’tirozi qanchalik o'rinli yoki o'rinsizligiga aniqlik kiritish uchun kino olami vakillariga, shu sohadagi professional mutaxassislarga murojaat qildik.

Jahongir Ahmedov, rejissor («Uylanish»):
– Rejissor sifatida “Janob hech kim” kartinasida Alisher Uzoqovning ishtirokini qanday baholaysiz?
– «Janob hech kim» filmining ssenariysi aslida Alisher Uzoqovga moslab yozilgan. Mening gapimni ssenariy muallifi Yolqin To'ychiyev ham tasdiqlashi mumkin. Kartina ham aktyorning o'z rolini mahorat bilan ijro etgani uchun muvaffaqiyat qozongan. Operatorlik, rejissura degan narsalar ikkinchi darajali. E’tibor bering, film bejizga «Janob hech kim» deb nomlanmagan. Bu yerda aynan bosh qahramonga urg'u berilmoqda.
– OAV da so'nggi haftada chop etilgan aktyorlar reytingi borasida fikringiz?
– O'sha maqola muallifi bilan gaplashdim. Bu gapni uning o'ziga ham shaxsan aytganman: reyting bu bir kishi tuzadigan narsa emas. Savodi bor jurnalist o'z fikrlarini reyting darajasiga ko'tarib e’lon qilmagan bo'lardi.
– Hozirda eng ko'zga tashlangan aktyorlar deb kimlarni e’tirof eta olasiz?
Hozirda ko'zga tashlanib qolgan va filmlarda ishtiroki bo'yicha yetakchi o'rinda turgan aktyorlar — bu Alisher Uzoqov hamda Adiz Rajabov. Misol uchun bugungi kunda katta ekranlarda namoyish etilayotgan “Uylanish” filmiga tomoshabin oqib kelmoqda. Bunda albatta aktyor Alisher Uzoqovning o'rni salmoqli. Sabab, tomoshabinlar ko'cha-ko'yda osilgan afishalarda Alisherni ko'rgani uchun filmga tashrif buyurmoqda. Demak, tomoshabinda Alisher Uzoqov rol ijro etgan film yaxshi degan fikr allaqachon uyg'ongan.

Shoira Raufboyeva, kinoshunos:
– Rejissor Mirmaqsud Ohunovning “Janob hech kim” kartinasi haqida nima deya olasiz?
– Menga «Shabnam»dan ko'ra «Janob hech kim» kartinasi ko'proq manzur bo'lgan. Filmda aktyor Alisher Uzoqovning mahorati yaqqol ko'zga tashlangan. Qolaversa operatorlik tomondan ham film yaxshi ishlangan.
– Alisher Uzoqovga aktyor sifatida qanday baho berasiz?
– Alisher juda iste’dodli aktyor. San’atkorlik uning qonida borligi bilinib turadi. Ayniqsa, plastika jihatdan Alisher birinchi o'rinda!
– Alisher Uzoqovning nimadan ranjiganidan xabardorsiz…
– To'g'risini aytsam, matbuotda chop etilgan o'sha maqolani o'qib men ham avvaliga hayron qolgan bo'lsam, keyin ranjidim. Filmda barcha narsa bir-biriga mos, bir-biri bilan uyg'un holatda bo'lsagina u muvaffaqiyat qozona oladi. Filmda aktyorning hissasi yo'q, aslida mukofot falonchi va pismadonchi narsalar uchun berilgan degan gap bo'lishi mumkin emas! Film yaxshi deb tan olindimi, demak har tomonlama yaxshi ishlangan. Alisher Uzoqov haqida fikr bildirganlar uni «Janob hech kim» kartinasi orqali tanishgan bo'lsa, men Alisherni “Muqimiy” teatrida “Alpomishning qaytishi” spektaklida Alpomishning o'g'li rolini o'ynagan davrdan beri bilaman. Bilasizmi, bir og'izgina gap bilan ijodkorni yuksaklarga ko'tarish va aksincha bir og'iz gap bilan uni sindirib tashlash mumkin. Agar Alisher Uzoqovning “Janob hech kim” kartinasi muvaffaqiyatida o'rni bo'lmaganida, u holda aktyor  boshqa rejissorlarning e’tiboriga tushmagan bo'lardi. Haqiqatdan yuz o'girib bo'lmaydi. Men TV dagi ko'rsatuvlarimda betaraf bo'lishga harakat qilaman. Biroq hozirgi intervyuimda ham tomoshabin ham 20 yildan beri kino sohasida aktyorlarni kuzatib kelayotgan jurnalist sifatida fikrim shunday: agar hozir o'zbek kinosida 2 ta iste’dodli aktyor bo'lsa, ulardan biri Alisher, agar bitta bo'lsa, u holda o'sha bitta ham Alisher! Balki biroz oshirib yuborgandirman. Chunki, Farruh Soipov, Adiz Rajabov, Ulug'bek Qodirovlarning ham o'zbek kinosida o'z o'rni bor. Misol uchun Farruhning salobatiday salobatni shu kungacha birorta aktyorda uchratmadim. Yoki bo'lmasa, Adizdagi o'ziga xoslikni olaylik. Hech kim unga o'xshamaydi. Alisherning plastikasiday plastika ham hozircha hech kimda yo'q. Shu uchun aytishar ekan, 10 ta bo'lsa, o'rni boshqa, deb. Bu aktyorlarni pog'onalarga qo'yib chiqish niyatim yo'q. Ularning hammasi bir safda turibdi.
– Alisher Uzoqov talqin qilayotgan obrazlarda o'xshashlikni sezganmisiz?
– Bu haqda o'ylaganman. Bilasizmi, agar aktyor ijrosida bir xillik kuzatilsa, bu rejissorning aybi bo'ladi. Hozirda Adizga ham shunday e’tirozlarni aytishmoqda.
Deylik, bironta komediya yaxshi chiqsa, hamma shu janrda film olishni xohlab qoladi. Xuddi bir odam boshqa bir odam kiyib olgan ko'ylakni ko'rib, xuddi shunaqa libosni kiygisi kelib qolganday. O'ziga xoslik yo'q demoqchiman. Rejissor qanday fikrlaydi? «Alisher Uzoqov tayyor komik qahramon. Bo'ldi, shuni olaqolaman», deydi. O'sha rolga Ulug'bek Qodirov yoki umuman boshqa aktyorni taklif qilishni o'ylab ham ko'rmaydi. Mana shu holatda (ya’ni 5-6ta filmda bir xil obrazni talqin qilgandan keyin demoqchi, D.) xohlang-xohlamang o'xshashlik kuzatilishi tabiiy. Bu o'rinda aktyorning xatosi deyarli yo'q. Asosiysi rejissor janr tanlashda ko'chirmachilikka va xavaskorlikka yo'l qo'yishi kerak emas! Va albatta, aktyorga topshiriqni to'g'ri bera bilishi kerak.

Yolqin To'ychiev, ssenariynavis(«Janob Hech kim» filmi ssenariy muallifi):
– «Janob hech kim» kartinasi “Kinoshok”da qaysi yo'nalish bo'yicha Gran Priga sazovor bo'ldi?
– »Kinoshok»da alohida-alohida yo'nalish yo'q. Mukofot filmning har tomonlama mukammaligi uchun berildi.
– Film ssenariysi aynan aktyor Alisher Uzoqovga moslab yozilgani rostmi?
– Ha, Alisherga mo'ljallab yozilgan.
– «Janob hech kim» filmi muvaffaqiyatida Alisher Uzoqovning o'rni bormi?
– Bu savol kimni qiziqtiryapti?
– Ommani qiziqtirayotgan savol bu!
– Alisher Uzoqov bo'lmaganida, film bir tiyinga qimmat bo'lardi, demoqchisizlarda, shundaymi?..
– Siz savolimni tushunmadingiz. Film muvaffaqiyatida rejissor va ssenariy muallifining o'rni borligiga shaxsan men shubha qilmayman. Siz mening bitta savolimga javob berishingizni xohlardim: «Janob hech kim» Gran Priga sazovor bo'lishida Alisher Uzoqovning ham o'rni bormi?
– Bilmadim endi… Bo'lishi mumkin.
– Bo'lishi mumkin?!..
– Siz menga noto'g'ri savol beryapsiz! Men ssenariy muallifiman. Ssenariyni yozganman va rejissorga berganman, xolos. Aktyorlar guruhini rejissor tanlaydi, film yaxshi chiqqanmi yo yomon nima ahamiyati bor? Muhimi mukofot olindi! Endi bu narsalarni «razbor» qilishga ne hojat?… Gran Pri Alisherga, menga yoki rejissorga emas, filmga berilgan!

Mirmaqsud Oxunov, «Janob Hech kim» rejissori:
– Film muvaffaqiyatida hammaning o'rni bor. Barcha: film operatoridan tortib to epizod rolda chiqqan aktyorlargacha o'ziga yuklatilgan vazifani to'g'ri tushunib, ko'ngildagidek ishlab berishgan.

Erkin Usmonov, «Teatr» jurnali mas’ul kotibi:
- Yutuq yoki muvaffaqiyatsizlik bitta odamniki bo'lmaydi. Masalan dramaturg aybdor yo rejissura yomon(yoki yaxshi), aktyorlar yosh, rassom yaxshi ishlamabdi deb aytish mutlaqo noto'g'ri. Filmga umuman baho beriladi. Chunki kino – sintetik san’at! Bunda juda ko'p san’at turlari birlashadi: ichida rassomlik, musiqa, adabiyot, ssenariy, dramaturgiya, qo'ying-ki, libos ustalari va grimchilardan tortib, pirotexnika degan narsalargacha bor. Shu uchun falonchining yutug'i, pismadonchining muvaffaqiyati degan fikrga men umuman qo'shilmayman. Film muvaffaqiyat qozondimi, demak operator ham, rejissor ham, aktyorlar ham umuman butun jamoa bir yoqadan bosh chiqarib ishlagan. Film operatorlik ishi uchun muvaffaqiyat qozondi, degan fikr bildirilsa, men bu gapni butun boshli ijodiy jamoaga nisbatan haqorat deb qabul qilaman. Mumkin emas bunaqa deyish. Badiiy asarni, umuman, san’at asarini faqat yaxshi tomonini ko'ra bilish kerak. Unga bir-ikkita odam fikr bildirgani bilan hech narsa hal bo'lmaydi. Asar millionlab tomoshabinlarga havola qilinadi va o'sha millionlab tomoshabinlargina hakamlik qila oladi. TOMOSHABIN hamisha BOSH HAKAM bo'lib qoladi. Faqat ugina haqiqiy bahoni bera oladi! Alisherning oldinda qiladigan ishlari juda ko'p, barcha niyatlariga yetishishi tilakdoshiman. Onore de Balzak aytgan ekan: «Men o'zimning muvaffaqiyatsizliklarimga hamisha kinoya bilan qarayman, kulimsirab qo'yaman, xolos!» deb. Alisherga ham xuddi shunday qilishni maslahat beraman.      

Alisher Uzoqovning o'zi nima deydi?
– »Janob Hech kim»ning suratga olish ishlari boshlanishiga bir kun qolganida kinodagi partnyoringiz Oydin Yusupova filmda ishtirok etishdan bosh tortgani va so'nggi daqiqalarda Asal Shodievani siz tavsiya etganligingiz haqida eshitganmiz…
– To'g'ri, filmda Asalning o'rniga Oydin Yusupova rol o'ynashi kerak edi. Lekin ba’zi sabablarga ko'ra eng so'nggi daqiqalarda Oydin rol ijro etmaydigan bo'lgach hammamiz biror bir chorasini topishga harakat qilganmiz. U qiz keladi, bu qiz keladi hech qaysisi film prodyuseri va rejissorlarga yoqmaydi… Shu orada Asal Shodiyevani chaqirish haqida taklif kiritdim. Prodyuserlar Asalning rasmini ko'rib, avvaliga yo'q, bu qiz filmimizga to'g'ri kelmaydi, deb aytishgandi. Shunda baraka topgurlar, sizlar uni chaqirib ko'ringlar, agar ma’qul kelmasa uzr, filmga mos tushmadingiz, deb jo'natib yuborasizlar, deganman. Chaqirishgandan keyin Asal rejissor Mirmaqsud akaga ma’qul kelgan. Ochig'i, men Asalning aktrisalik mahorati qay darajada ekanligini boshida bilmaganman, shunchaki tashqi ko'rinish jihatdan partnyorim bo'la oladi, degan xayol bor edi…
- Suhbatimiz avvalida siz haqingizda matbuotda bildirilgan noo'rin fikrlar yuzasidan e’tirozlaringiz borligi haqida aytgandingiz…
- Bilasizmi, «Alisherda bir xillik mujassam, mimikalari va yaratayotgan obrazlari bir biriga o'xshash, takroriy», — degan fikrlarni O'zbekiston xali artisti Yodgor Sa’diyev yoki Murod aka Rajabov, Ayub Shahobiddinov, Yolqin To'ychiyev yoki Mirmaqsud Ohunovlardan eshitganimda, hech qanday e’tiroz bildirmasdim, aksincha xursand bo'lardim. Chunki bu insonlar o'z fikrida sobit turishadi. San’at sohasida ham ancha-muncha ijod qilishgan, bahoni to'g'ri bera oladilar.

P.S.: Aziz muxlis va portalimiz mehmonlari! Sizning bu haqidagi fikringiz qanday? O'z nomalaringizni durbeks@mail.ru elektron manziliga yuborishingizni so'raymiz.

Durbek SHOFAYZIYEV.

SB.uz portaliga joylangan ushbu suhbatdan to'liq yoki qisman foydalangan OAV lari aniqlansa, javobgarlikka tortiladi. Suhbat muallifning yozma ruhsati bilan bosishga ruhsat etiladi.


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 252 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *