Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
2 Avg, 2011

Izzat Ibragimov: «Sog'inilgan qo'shiqlar qayta-qayta «hit» bo'laveradi»

Xo'jaIntervyu sahifamizning navbatdagi qahramoni O'zbekistonda hizmat ko'rsatgan artist, shirali ovoz sohibi «Xo'ja» guruhi solisti Izzat Ibragimov bo'ladi. «San'at, bu — RING. Unga o'zini tayyor deb bilganlargina chiqishi kerak, aks holda, o'yinchi birinchi raunddayoq nokautga uchrashi aniq»  deb hisoblaydigan xonanda bugun «ring»da ikki jurnalistga qarshi chiqadi. Hamkasbim Ulug'bek Rahmonqulov bilan Izzat Ibragimovni obdon so'roqqa tutish maqsadida uning xonadoni sari yo'l oldik. Sa'natkorning salqin va shinam xonadonida bo'lgan suhbat juda samimiy va fayzli kechdi.

- Izzat aka, suhbatimizni biroz noana'naviy savol bilan boshlasak bo'ladimi?
- Marhamat, bemalol!
- Shou olamning tajribali vakillaridansiz, tabiiyki, jurnalistlar bilan muloqotda ham malakangiz yetarli. Sizningcha, beradigan ilk savolimiz qanaqa bo'ladi?
- (Kulib) Adashmasam, «Nega ancha payt ko'rinmay qoldingiz?»  deganga o'xshash savol bo'lsa kerak. Chunki oxirgi paytlarda, muxbirlar bilan ro'para bo'ldim deguncha ulardan birinchi eshitadiganim shu bo'lib qolgan.
- Xo'sh, ular sizdan qanday javob olishayapti?
- Endi, boshqa soha hodimlari singari sa'natkorlarning ham dam olishga haqqi bor-ku! Ijod degani qaynar humcha emas, ahir. Buning ustiga, insonning yoshi ulg'aygani sari, ayniqsa san'atkor odam injiq, nozikta'b bo'lib borarkan. Ilgari biror qo'shiq taklif qilib qolishsa, ko'p bosh qotirmasdan shartta kuylab ketaverganmiz. hozir esa unaqa qilolmayman. Aslida ko'pchilik tanaffus deb hisoblagan vaqt ham tinimsiz ijod bilan o'tgan. Faqat bu izlanishlar kutilgan natijani bermagan, holos.  Kompozitsiya matni, musiqasini tanlashda talabchanlik qilib, yaratilgan qo'shiqlardan ko'nglim to'lmagani sabab, ularning aksariyati kompyuter «korzina»sidan joy olishiga to'g'ri kelgan. Ba'zilari yangi yozilgan payti ko'ngildagiday chiqqandek tuyulsa-da, endi tinglovchilarga havola qilamiz deganda, kamchiliklari ko'rinib, yoqmay qolgan holatlar ham bo'lgan. 

Xo'ja

- San'atkorlar ijodida o'zi qoniqmagan, ammo kutilmaganda ommalashib ketgan taronalar uchrab turadi-ku!
- Balki shundaydir, biroq mening ijodimda emas. Aksariyat hollarda qaysi taronam qay darajada ommalashishini oldindan bilaman. Men nafaqat ijodda, balki hayotda, turmushda ham ichki sezgilarimga tayanaman. Negaki, ular ko'pincha to'g'ri chiqadi. 
- Taqdim etilajak har bir qo'shiq ustida uzoq o'ylanib, talabchanlik bilan yondashishga urinayapmiz dedingiz, biroq… ijodingizdagi oxirgi tarona bu gapingizni unchalik tasdiqlamayotganday…
- (kulib) Ochiqroq, gapiravering…
- «Darbadaringman» nomli qo'shig'ingiz quloqqa yahshi chalinib, tez og'izga tushganini e'tirof etamiz. Ammo uning matni talabchanlik bilan emas, aksincha, sayoz yondashib yozilganga o'xshaydi. «Meni o'zingga yomon o'rading» jumlasi «ko'cha gap»i ekanini hisobga olsak, qo'shiq shunday auditoriyaga mo'jallanganmi?
- Bunaqa munosabatlar bo'lishini oldindan tahmin qilgandim. Shu sabab ham, aynan siz keltirgan «fraza»ni aytishdan ikkilanganman. «Jumlani boshqa so'zlarga almashtirish kerak» deganimda qo'shiq muallifi Eldor Qayumov «Ko'rasiz aynan shu joyi qo'shiqning «fishka»si bo'ladi» deb ishontirgan. Auditoriya masalasiga kelsak, odamlarga hazilomuz kayfiyatda kuylangandek tuyulishi uchun qo'shiqqa ishlangan klipga kulguli sahnalar qo'shganmiz. Menimcha, muxlislar buni to'g'ri tushungan bo'lsa kerak deb o'ylayman. «Marif-Sharif» kinosida «O'rtoqlar, bu — askiya, kulinglar» degan joyi bo'lardi, shunga o'xshab biz ham «hurmatli muxlislar, bu hazil tarzida ijro etilgan qo'shiq» deb aytishimiz shart emas-ku! Afsuski, tomoshabinlar orasida «yeb chaynab og'ziga solib qo'ymaguningcha hazm qilolmaydigani» ham bor. Shunga qaramay, ko'pchilik tinglovchilarga, qo'shiq muallifi bashorat qilganidek, aynan o'sha so'zlar yoqib tushdi. Bir yoshi kattaroq akaxonimiz qo'ng'iroq qilib ashula yoqqanini aytganida, munosabatini dastlab kinoyadek qabul qilgandim. «Anavi joyi boshida g'alati tuyulgandi, hozirlari kennayingga qarab hazillashib shu so'zlarni aytadigan bo'lganman» deb samimiy gapirganidan keyin ijobiy ma'noda aytayotganini bilib hursand bo'lganman.

Xo'ja

- Bu qo'shiqqa ishlangan klipidan ko'nglingiz to'lmagan ekan?..
- To'g'ri. San'at institutining bitiruvchi talabasi bo'lgan Dilshod Shofayziev degan yigit «diplom ishi uchun bir-ikkita ishingizni olib beray» degan taklif  bilan chiqqanida, yoshlarga imkoniyat berib, ularning intilishini qo'llab-quvvatlash maqsadida rozi bo'ldim. Yetarli darajada mablag' sarflanganiga qaramy, klipdan avvaliga unchalik ko'nglim to'lmadi, qayta ishlanganidan keyin sal ta'bimga tushganday bo'ldi. Lekin muxlislarga undagi o'sha oddiy, kulguli sahnalar yoqqanni bilib, yoshlar bilan ishlab xato qilmadim degan fikrga keldim.
- Bugun tinglovchilar yengil-yelpi qo'shiqlarga o'ch bo'lib qolganday. Ularning bu boradagi tanlovini sayozlashtirib yuborgan san'atkorlarning o'zimasmikan?..
 - Shunday bir falsafa bor, inson kuchi yetadigan darajadagi yukni ko'tarishga qodir. Yosh bolaga sakson-yuz kilolik yukni  ko'tarasan, deb talab qilish aqlli odamning ishi emas. Uning o'z me'yori bor. Tinglovchi ham huddi shunday gap. Hozir hazm qila oladigan qo'shiqlarnigina eshitadi, «kuchi» yetmaydiganidan aylanib o'tadi. 
- Kuchi yetadiganlar ham «yengil»lariga yopishayotganiga nima deysiz?
- Odamzodning tabiati o'zi shunaqa — oddiy va yengillikni xohlaydi, qiyin-og'ir narsalardan qochadi. qolaversa, har bir tinglovchining o'z darajasi bo'ladi, kattalar orasida «yengil-yelpilik»ga o'chlar bo'lganidek, yoshlar orasida «og'ir yuk»ni tanlaydigani ham yo'q emas. Bu ularning dunyoqarashi, tarbiyasi, qolaversa, tabiati bilan bog'liq holat deb hisoblayman.

Xo'ja

- Bundan o'n yil oldingi tinglovchilar bilan bugungilari orasida qanday farq bor? San'atkorlar o'rtasida-chi?..
- Oxirgi yillarda har sohada, jumladan, san'atda ham «g'ildirak» juda tez aylanib, rivojlanish «temp»i kuchayib ketganidan tinglovchilar ham, ijodkorlar ham, biroz chalg'ib, qo'pol qilib aytganda, esankirab qolishdi. Masalan, tinglovchilar nimani xohlashayotgani, aslida ularni nima qoniqtirishini yaxshi anglolmay, boshlari aylanib qoldi. Hamma narsaning vaqt-soati bo'lganday, mana, endi-endi hammasi bir izga tushib borayapti. Bitta narsani aytishim mumkin, so'nggi paytlarda eshituvchilar so'zga juda katta ahamiyat beradigan, sohta, yuzaki ijrolarni ajratadigan, jonli ijro qimmatini biladigan bo'lishgan. Bu esa o'z-o'zidan san'atkorlarni har tomonlama hisoblashishga majbur qilmoqda. Bundan to'rt-besh yil oldin, «men artist bo'laman» deb «dordan qochgani» ham xalq oldiga chiqib qilpanglardi. Bugun, e'tibor bering, bunaqa «usti yaltiroq»lar sezilarli darajada kamaygan. Prodyuserlik markazlari ham haqiqiy ovozi bor, iste'dodli yoshlarni jalb qilayapti.
- «Xo'ja» guruh o'z vaqtida o'zbek estradasining ommalashgan, ko'zga ko'ringan guruhlaridan edi. Bugungi darajangiz oldingiday emas. Buni qanday izohlaysiz?
- Bosh sabab, bu — moddiy mablag'… Guruh ommalashgan paytida homiylar bilan ishlardik. Qolaversa, u paytda hech birimizda oilaviy tashvishlar bo'lmagan, topgan-tutganimizni ijodga sarflaganmiz. Misol uchun, «Aytmagansan», «Mening sevgim» degan qo'shiqlarimizning klipiga juda katta pul sarflangan. Hozirgi kunda bunday mablag'ga butun boshli filmlarni suratga olishayapti. Agar bugungi ijodimizda ham shu darajadagi mablag'ni sarflaydigan bo'lsak, tasavvur qilavering, guruh reytingi uncha-munchani yo'lda qoldirishi hech gapmas… Yana bir eng katta sabab, bugun o'shancha pulga arziydigan ijod mahsulining o'zi yo'q. Bir kuni hamkorlardan bittasi qo'ng'iroq qilib «Aka, daxshat qo'shiq bor, aytasizmi, faqat narhi falon so'm» deb qoldi. «qanaqa qo'shiq ekan u bunchalik qimmatbaho», deb qiziqib eshitib ko'rgandim… to'g'risi, u aytgan narxning yarmiga ham arzimaydi-da…
Guruhning oldingi muvaffaqiyatida hamkorlarimiz roli katta edi. Ruslan Sharipov, Ibrohim aka Jiyanov bilan zo'r ishlardik. Mana shunday tarkib yig'ilmayapti. U bilan, bu bilan ishlab ko'rayapmiz, natija kutilganday emas. Guruh ijodiga yangicha ruh berish maqsadida yosh ijodkorlar bilan ishlash istagida Eldor Qayumov bilan hamkorlik qilishni boshlagan edik, «Darbadraningman» qo'shig'i chiqqandan keyin uni ham san'atkorlar «talab» ketishibdi (kuladi)…
- E'tibor bersak, negadir kliplaringiz orasida milliy ruhda suratga olinganlari yo'q. Bir yoqlamalikdan chekinish vaqti kelmadimi?
- O'zim ham shuni o'ylab yurgandim. Hozirgina sizlar tashrif buyurmasdan sal avval, Muzaffar ismli klipmeyker ukamiz bilan shu hususida gaplashib olgandik. Navbatdagi «Nozli yor» nomli yangi qo'shig'imiz klipiga har doimgi «shablon» — dekoratsiya, qizlar, kompyuter grafikasidan chetga chiqqan holda yondashmoqchimiz. Bu tarona ham «Darbadaringman» muallifi bilan hamkorlikda yaratildi.
- Unda bu qo'shig'ingizda ham oldingisi singari «jargon» so'zlarga duch kelar ekanmiz-da?
- Unaqamas, (kulib) sof adabiy so'zlar bilan kuylanadi. Matnda original mazmun beruvchi so'zlar ishlatilgani uchun ham o'zimga bir o'qishda yoqdi. Xudo xohlasa, mustaqilligimizning 20 yillik to'yi arafasida yurtdoshlarimizga sovg'a tariqasida taqdim etishni rejalashtirayapmiz. Biz san'atkorlarning qo'limizdan keladigan to'yonamiz shu!
- Istiqlolimizning yigirma yilligiga bag'ishlab o'tkaziladigan katta tantanada qanaqa chiqish qilmoqchisiz?
- Bunga alohida tayyorgarchiligimiz bor. Tadbirda istiqlol yillarida yaratilgan eng ommalashagan qo'shiqlarimizga murojaat etgan holda Vatan haqida bundan 12 yil oldin ijro etilgan (yoshlar gimniga aylanib qolgan) «O'zbekiston yoshlari» nomli qo'shig'imizni bir guruh «Nihol»chilar bilan qaytadan kuylab chiqadigan bo'ldik.

Xo'ja

- Qo'shiqning umri boqiy bo'lmasa ham, uzoq yashaydigan kuchga ega bo'lishini nima ta'minlaydi? Umuman, o'z ijodingizda mana shunday yashab qoluvchi taronalar necha foizni tashkil etadi deb o'ylaysiz?
- Ijodiy tajribamdan kelib chiqib aytaman, qo'shiqning tinglovchilar yodi va qalbida abadiy joy olishida uning chuqur mazmunga egaligining ahamiyati katta. qo'shiqning tinglovchiga aytadigan, beradigan nimasidir bo'lsa, hech qachon e'tibordan chetda qolmaydi. Odam yoshi o'tgan sari nasihatgo'y, uzoqni o'ylaydigan bo'lib borarkan-da (kulib). Aytmoqchi bo'lganim, endilikda, bir narsani aniq tushunib yetganman. Vaqt o'tgandan keyin, xohlaysizmi-yo'qmi ertami-kech san'at maydonini boshqasiga bo'shatib berish kerak bo'ladi. Shunga to'g'ri kelganda, ortingizdan qoladigan tuzuk-quruq bir narsa bo'lmasa, shuncha qilganingiz bekor degani. Agar vaqt o'tganiga qaramay, ijodingiz eslanib, bir paytlar aytgan qo'shiqingiz yana «moda» bo'lsa, mana bu san'atkor uchun haqiqiy baxt. O'zi esdan chiqmaydigan, sog'inilgan qo'shiqlar qayta-qayta «hit» bo'laveradi. Mana, oling, hozir istagan bir to'yxonaga borsangiz, «Yalla» guruhining qo'shiqlari kuylanayotgani guvohi bo'lasiz. O'tkazilayotgan nikoh to'ylarining deyarli barchasi «Yalla»ning «Kelibdi» honishi bilan ochiladi… O'z ijodimda bu darajada umrboqiy bo'lmasa-da, uzoq yashab qoladigan  taronalar sakkiz-o'n foizlarni tashkil etsa kerak deb o'ylayman. Menimcha, har bir san'atkor uchun umri davomida yaratgan qo'shiqlaridan o'n-o'n besh foizi muxlislar yodida qolsa ham katta gap. Bu darajaga yetishish uchun esa eng avvalo ijoddan maqsad faqat pul topish bo'lmasligi kerak. Aksincha bo'lsa, bunday ijodkor san'atkor emas, boshqacha nomga loyiqdir.
- Repertuaringizni ko'zdan kechirsak, Ruslan Sharipov bilan aytilgan «Ota» qo'shig'idan tashqari duet tarona kuylamagan ekansiz?.. Bu borada didingiz o'ta nozikmi deyman?
- O'sha «Ota» qo'shig'ini ham aslida o'zim kuylashim kerak edi. Ruslan aka ustoz bo'lganlari, hamda qo'shig'ni o'zlari yozganlari uchun birga kuylaylik degan takliflarini rad etolmaganman. O'zi otalalarga bag'ishlab umuman boshqacha zavqi baland, o'ynoqiroq ohangda qo'shiq aytishni rejalashtirgandim. Otam olamdan o'tib qolganlaridan keyin, fikrimdan qaytib, shoir Bobur Bobomurodga murojaat etib mahzunroq she'rini yozdirib ijro etganman. Boshqa duet kuylamaganim sababi, o'zimga mos duetdosh ko'rolmayapman. Ko'p takliflar bo'ladi, lekin shunchaki «falonchi bilan falonchi duet aytibdi» degan gap kerak emas menga… Aytganga yarasha, tinglovchiga ruhiy va ma'naviy ozuqa beradigan va yuraklarning tub-tubiga yetib boradigan qo'shiq bo'lishi shart.
- Ijodingizda nega sokin taronalarga kam urg'u berasiz. Vaholanki, bunday yo'nalishdagi taronalarigiz ham yaxshigina ommalashgan?
- Bu holat talabga, muxlislarning qiziqishiga qarab o'zgarib turadi, ammo aksariyat sa'atkorlar ijodida baribir sokin taronalarga nisbatan sho'x xonishlar ko'proq kuylanadi. Hozir navbatdagi ijrolarimizni sokin ohangda kuylashni rejalashtirganmiz. Yaqin orada eshitib qolib, yana «bizning savoldan keyin» shu qarorga kelibdi», deb o'ylamanglar (kuladi). Darvoqe, yangi sokin taronalarimiz orasida rus tilida kuylangani ham bo'ladi.
- «Muhabbatimsan» nomli taronangiz o'z vaqtida sevgi haqida kuylangan haqiqiy shlyager taronalardan edi. Nega bunday hitlarni ijodingizda boshqa ko'rmadik? 
- Insonning hayotida bitta haqiqiy, chin do'sti bo'ladi. «Muhabbatimsan» taronasi «Xo'ja» guruhining shunaqa sadoqatli takrorlanmas do'sti bo'lib qolgan. Qayerga bormaylik bu qo'shiq haqida albatta, bir gapirib o'tishga to'g'ri keladi. Bu taronani to'ylarda yigirma besh marotabagacha aytgan paytimiz bo'lgan. Odatda, o'ynoqi, sho'x qo'shiqlar shunaqa talabgor bo'ladi. «Muhabbatimsan» uzun va mahzun qo'shiq bo'lishiga qaramay, takror-takror talab qilishardi. Muhabbatimsan»ning muvaffaqiyati she'r, musiqa va ijrodagi ajoyib uyg'unlikda bo'lsa kerak. Bu qo'shiq bilan bog'liq bir necha voqealar bo'lgan, ayniqsa ashaddiy muxlislarimiz orasida. Bir muxlisamiz tushkunlikka tushib o'z joniga qasd qilmoqchi bo'lganda uni bu qaroridan qaytishiga shu taronamiz sababchi bo'lgan ekan. 

Xo'ja

- Oilada qanaqa otasiz?..  Sirtdan qaraganda, juda xushchaqchaq, muloyim ko'rinasiz?
- Aslida ham shunday bo'lsam kerak. Muchalim Sichqon bo'lgani uchunmi, topganimni uyimga tashiyman (kulib). Bu hislat menga rahmatli otamdan o'tgan bo'lsa kerak. Chunki ular shunaqa oilaparvar inson edilar. Bolaligimizda biz farzandlarni hech narsadan kam qilmay, ro'zg'orni to'kin-sochin qilib qo'yardilar. Akam rahmatli juda yosh o'tganlaridan keyin (19 da edilar) o'zimni katta farzand his qilib, oilaga ma'sul bo'lib qoldim. Bu ham oilaparvar bo'lishimga o'z ta'sirini o'tkazgan bo'lsa ajabmas. 
- Farzandlaringizdan birortasida san'atga qiziqish sezganmisiz?
- Kichkinamiz Aslzoda bog'cha yoshida bo'lishiga qaramay intilishi boshqacha, opasi bilan akasiga o'xshamaydi. Qo'shiq aytib raqs tushishga usta. San'atkorlarning qo'shig'ini eshitib, yodlab aytib yuradi.  Kamiga yaxshi-yomon deb tahlil ham qilib qo'yadi.
- Hovlingizda ajoyib, serhosil mevali daraxtlarga ko'zimiz tushdi. Bularni parvarishlashning o'zi bo'lmasa kerak. qiziqishingiz bor ekan-da?..
- Yoshligimda marka yig'ishga qiziqardim. Hozir esa bog'dorchilikka juda ishqivoz bo'lib qolganman.  Ayniqsa, ularning hosilini ko'rib yanada zavqim oshib, e'tiborim kuchaydi. Olma daraxtlaridan biri kasallanib, qurt tushganda, huddi yuragimga tushganday og'rinib qoldim deng. Hatto Farg'onadan mutahassis-bog'bon keltirib parvarish qildirdim. Mehr qo'ysangiz shunaqa bo'larkan-da…
- Bugungi yoshlardan kimlarning ijodi e'tiboringizni tortdi?
- Umidaxon ismli qiz ustoz-san'atkorimiz Saodat Qobulovaning «Sendadir ko'nglim» qo'shig'ini aytib chiqibdi. Birinchi eshitganimdayoq menga juda ma'qul keldi. Keyin bilsam, «Akfa-media»ning yangi yulduzlaridan ekan, omadini bersin. Bundan tashqari Jasur Umirovning ijodi ham o'ziga hos, «Oysha», «Hanifa» degan qo'shiqlaridan keyin fikrim o'zgardi, noan'anaviy uslubda kuylashi, yangilik bilan chiqqani yoqdi. Yana Mustafo degan yosh qo'shiqchining milliy yo'nalishda kuylagan oxirgi taronasini eshitib, ijodiga hurmatim oshdi.
- Boshqa hamkasblaringizdan-chi?
- (o'ylanib) Farhod aka Saidovning «Kiyikmi bu?» qo'shig'iga muxlis bo'ldim. Rashid Xoliqov ijodidagi romantik qo'shiqlarni ham miriqib tinglayman.

O'zim haqimda qo'shimcha:
* Xalq hizmatida yurganimizga qariyb 22 yil bo'ldi.
* 1991 yilda tashkil topgan «Xo'ja» guruhida dastlab ikkinchi xonanda bo'lib ishlaganman.
* 1997 yil guruh tarqalib ketgach, uning nomini saqlab qolgan holda qaytadan yangi yo'nalishda olib chiqdim.
* Repni hazm qilolmayman… mening ijodiy «organizmim»ga og'irlik qiladi.
* San'at institutiga birinchi yili imtixon topshirganimda, tarix fanidan o'tolmaganman. Lekin meni qo'yib yuborishni istamagan imtixon hay'at a'zolari «Muqimiy» nomidagi musiqali drama teatri bosh derijori O'zbekiston xalq artisti Nabi aka Halilov va teart bosh rejissori O'zbekistonda hizmat ko'rsatgan sa'nat arbobi Nosir Otaboevlar teatriga taklif etishgan. U yerda ikki yil davomida taniqli aktyor-aktrisalar orasida ishlaganman.
* «Nega tez-tez intervyu bermaysiz?» deb jurnalistlar ko'p savol berishadi. Agar intervyu berishga arziydigan gap bo'lmasa, nima ham derdim…


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 459 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *