Sahifalar menyusi
TwitterRssFacebook
Доска объявлений
Bo'limlar menyusi
5 Iyun, 2006

Davron Ergashev: "Qaysi qo’shiq yashashga haqli?"

Davron Ergashev“Mario” qo’shig’ini “Zakonniy” qilib aytib, ancha-muncha dillarni “Egov-egov” qilgan xonanda Davron Ergashevning yangi yo’nalishi  ko’plab musiqashunoslar va san’at ahli tomonidan tanqidga olindi. Ammo muxlislarga qarshi borib bo’larmidi… Xonandaning okean ortida suratga olingan “Jingalak” klipi ham turli tortishuvlar mavzusiga aylanib qolsa, ajab emas.-          Okean ortiga uyushtirgan safardan asosiy maqsadingiz nima edi?
Aprel oyining o’rtalarida AQSHga uyushtirilgan safarimiz qaysidir ma’noda ijodiy safar bo’lsa, yana qaysidir ma’noda dam olish safari bo’ldi. Asosiy maqsad esa yangi “Jingalak” nomli taronaga klipni suratga tushirish edi. Florida, Mayami, Las-Vegas va Key Vestda dam olishga ham ulgurdik. Klipni Xurshid ismli do’stimiz tasvirga tushirdi. Klip lavhalari hech kimni bee’tibor qoldirmaydi, degan umiddaman. Ushbu klip boshqa AQSHda suratga tushirilgan kliplarimizdan professional jihatlari bilan farq qiladi. Klipning mukammal, a’lo darajada chiqishi uchun montaj ishlari ham katta rol o’ynaydi. Shuning uchun taniqli klipmeykerimiz Temur aka Qodirovga murojaat qildim.
-          Yoqimli taasurotlar ham ko’pdir?
-          Musofir yurtda yolg’iz yursang, yayrolmaysan. Bu borada mening omadim keldi. Safarda do’stim Samandar bilan birga bo’ldik. Faqat Samandar bir oz oldinroq, men esa bu yerdagi ishlarimni bitirib keyinroq bordim. Los-Anjelesda mum haykallar muzeyiga kirdik. Haykallarni ko’rsangiz… Mashhur shaxslarni shu darajada o’xshash qilib yaratishganki, ajablanasan kishi. Arnold Shvarzenegger, Vupi Goldberg, Silvestr Stallone, Jorj Bush kabi taniqli shaxslarning mumdan yasalgan haykallari oldida esdalik uchun suratga tushdik.
-          Yangi qo’shig’ingizni ajoyib nomlabsizmi?
-          Ha, “Jingalak”. Shahnoz so’zi va musiqasi, Ravil Gimazutdinov aranjirovkasi asosida tayyorlangan bu qo’shig’imiz klipida ikkita amerikalik va bitta ispaniyalik jingalak sochli qoramag’iz qizlar ishtirok etishgan.
-          “Egov-egov”da polshalik qiz, “Jingalak”da amerikalik va ispaniyalik qizlar…
-          Shunchaki oddiylikdan chetlashishga harakat qilyapman, xolos.
-          AQSHga uyushtirilgan bu safaringiz birinchisi emas, shekilli?
-          O’yalymanki, oxirgisi ham emas. Los-Anjeles menga juda ham yoqib qoldi. Iyul oylarida yana boorish niyatim bor.
-          Amerikaga borganingizda biror bir mashhur xonandalar bilan aloqa o’rnatishga harakat qilmadingizmi?
-          11 kunlik safar doirasida bunga imkonim bo’lmadi. Balki, keyinroq harakat qilib ko’rarman. Aytmoqchi, klipimda suratga tushgan qizning eri xonanda ekan. To’g’ri, u darajada mashhur emas. O’sha yigit qo’shig’imni eshitib ko’rib, duet aytsak qanday bo’lar ekan, degan taklifni kiritdi. Aloqa qilib turish maqsadida telefon raqamlarimiz, uy manzillarimizni yozib oldik.
-          OAVda Davron Ergashev iyun oyida konsert berar ekan, degan xabar berilgan edi. Iyun oyi ham keldi…
-          Bilasiz, o’zbekning to’yi ko’p. Niyat qilib kelgan barcha insonlarga rozilik berib qo’ydik, shunday vaziyatda konsertga yetarlicha tayyorgarlik ko’rishga albatta vaqt yetishmaydi. Konsert esa jiddiy ma’suliyatni talab qiladi. Shu sababdan konsertni bir oz ortga surishga qaror qildim. Xudo xohlasa, kuz oylarida albatta konsert beraman.
-          Bo’lajak konsert dasturingiz qaysi yo’nalishda bo’ladi?
-          Albatta, dasturdan har ikki yo’nalishdagi qo’shiqlarim o’rin oladi. Chunki milliy estrada yo’nalishidagi qo’shiqlarimning ham o’z muxlislari bor. Hammaning ko’nglini birdek olish bizning vazifamiz.
-          Qo’shiqlaringiz yo’nalishi borasida ham turli noto’g’ri fikrlar aytilyapti, o’zingiz oydinlik kiritolmaysizmi?
-          Ha, ko’pchilik boshida Davron Ergashev rep yo’nalishida qo’shiq aytishga o’tibdi, degan gap-so’zlarni tarqatishdi. Ammo qo’shiqlarimning hech birini rep deb bo’lmaydi. Hali rep yo’nalishida qo’shiq aytganim yo’q. Reggi, R & B yo’nalishlarida ijro etilgan bu qo’shiqlar. Bitta uslubda qotib qolgim kelmayapti. Masalan, avvalgi albomimdagi arabcha, turkcha, sharqona va milliy yo’nalishdagi qo’shiqlarimning bittasi ham xit bo’lmadi. Yangilik yaratishga harakar qilib, bitta qo’shiq chiqarishim bilan qo’shig’im xit darajasiga ko’tarildi.
-          Bugungi kunda sizning yangi yo’nalishingiz tanqidga ko’p uchramoqda. Shu tanqidlarga siz qanday qaraysiz?
-          Tanqid hamma ishda, har doim bo’ladi. Muxlislar qalbiga quloq tutaman. Ularga yoqdimi, qo’shig’im yashashga haqli. Haqiqiy bahoni muxlislar berishadi. Axir tanqid ostiga olingan “Mario” qo’shig’im “Tarona taqdimoti — 2006”da “Yil qo’shig’i” deb tan olindi-ku! Muxlislarim omon bo’lishsin.
-          “Zakonniy”, “Mario” kabi qo’shiqlaringiz chiqqanidan so’ng yosh xonandalarimiz sizga taqlid qila boshlashdi. Bularga munosabatingiz qanaqa?
-          Ko’p eshitdim, ana u yangi xonanda sizga o’xshab aytyapti, sizning qo’shiqlaringizning o’zginasi, degan gaplarni. Eplasa, uddasidan chiqsa, omadini bersin! Mening hech qanday qarshilik joyim yo’q.
-          “Taqdir charxpalagi” filmida bosh qahramon obrazini yaratdingiz. Biroq, negadir bu film ommalashmadi. Nima uchun? Siz nima deb o’ylaysiz?
-          Filmda haqiqiy o’zbek oilasining hayoti ko’rsatilgan. Yomon chiqmagandi, nazarimda. Menimcha, reklama sust bo’ldi. Filmning ommalashishida yaxshi reklamaning ham o’rni kattaligini hayot ko’rsatib turibdi-ku!
-          Yana shunday taklif bo’lsa, rozi bo’larmidingiz?
-          Bosh rol bo’lsa, scenariy ma’qul kelsa, albatta tushardim. Shu o’rinda bir fikrimni aytib o’tmoqchi edim. “Nega kinolarda aktyorlar emas, xonandalar bosh rollarni ijro etyapti?” degan gaplarni ko’p eshityapman. Muxlislar shuni xohlashyaptimi, shu filmlarni tomosha qilishyapti. Aytib o’tishim joizki, bu filmlar orqali shaxsan men o’zimni reklama qilmoqchi emasman. Xudoga shukur, qo’shiqlarim orqali xalq ko’nglidan joy olyapman. Men uchun bu – “xobbi”. Reklama qilishning esa boshqa yo’llari ko’p.
-          Ko’rinib turibdiki, o’zingiz haqingizdagi maqtovlardan ham, tanqidlardan ham boxabarsiz. Muxlislaringiz ham siz haqingizdagi ishonarli ma’lumotlardan boxabar bo’lishni istaydilar. Buning iloji bormi?
Nega bo’lmasin? Xuddi shu maqsadda shaxsiy web-saytim faoliyat yuritmoqda. www.davron.uz manzilga tashrif buyurib, barcha yangiliklarimdan voqif bo’lishingiz, menga SMS yuborishingiz, davron@sb.uz manzilimga maktub ham jo’natishingiz mumkin. Muxlislar bilan dillashish men uchun ham yoqimli, ham foydali.


Muallif: | Bo'lim: Intervyu | 87 ta o'qildi | Izohlar yo'q

COOL.SB.uz -

Maqolaga izoh yozish

Sizning e-mail manzilingiz ko'rinmaydi. Majburiy qatorlar quyidagicha belgilangan *